Rossiyada Qur’onga hurmatsizlik jinoyat hisoblanadi – Putin

Dog‘istonda Rossiya prezidentiga Qur’on sovg‘a qilindi. Putin bu muqaddas kitib Kremlda o‘z o‘rnini topishini aytdi.
Sputnik
TOShKENT, 29-iyun — Sputnik. Rossiyada Qur’onga nisbatan hurmatsizlik, boshqa ayrim mamlakatlardan farqli o‘laroq, jinoyat sanaladi va Rossiya bu qonunchilik qoidalariga hamisha rioya qiladi. Bu haqda Rossiya prezidenti Vladimir Putin ma’lum qildi.
“Bu musulmonlar uchun muqaddas va boshqa barcha uchun muqaddasdir. Biz boshqa mamlakatlarda boshqacha ish tutishlarini bilamiz – odamlarning diniy tuyg‘ularini hurmat qilishmaydi va yana bu jinoyat emas deb aytishadi”, - dedi Putin Derbentdagi (Dog‘iston) Juma masjidiga tashrif chog‘ida.
“Bizning mamlakatimizda bu jinoyat – Konstitutsiyaga binoan ham, Rossiya Federatsiyasining 282-moddasiga binoan ham. Bu jinoyat – hurmatsizlik va diniy adovat qo‘zg‘atish. Biz hamisha bu qonunchilik qoidalariga rioya qilamiz”, - dedi Rossiya rahbari.
Shuningdek, Putin Rossiya musulmonlarini Qurbon hayiti bilan tabrikladi. Derbent Juma masjidi raisi Seidahyo Seidov Rossiya prezidentiga Qur’on kitobini sovg‘a qildi.
“Bu sovg‘a uchun sizga katta rahmat. U, shubhasiz, Kremlda o‘z o‘rnini topadi”, - dedi Putin.
Avvalroq 28-iyun kuni Shvetsiya poytaxtida politsiya ruxsati bilan Qurbon hayitining birinchi kunida Qur’onni yoqish aksiyasi bo‘lib o‘tgan edi. Bu dunyo musulmonlarining qahru g‘azabiga sabab bo‘ldi. Xususan, Turkiya TIV va Adliya vazirligi rahbarlari bu aksiyani keskin qoralashdi. Marokash Shvetsiyadagi elchisini chaqirib olishini ma’lum qildi.
“Qurbon hayitining ilk kunida Shvetsiyada muqaddas kitobimiz Qur’oni Karimga qarshi sodir etilgan qabih harakatni la’natlayman. So‘z erkinligi bahonasida bunday Islomga qarshi bunday harakatlarga ruxsat berilishini qabul qilib bo‘lmaydi. Bunday qabih ishlarga ko‘z yumish jinoyatga sherik bo‘lishni anglatadi", - deb yozdi Turkiya tashqi ishlar vaziri Hakan Fidan Twitterʼdagi sahifasida.
Turkiya adliya vaziri Yilmaz Tunch ham muqaddas narsani haqorat qilishni ozod fikrlash va so‘z erkinligining bir qismi sifatida ko‘rib bo‘lmasligini ma’lum qilgan.