TOShKENT, 29-iyun — Sputnik. Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi sentabr oyida AQShga qarshi o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazadi. Bu haqda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (O‘FA) matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston sentabr oyidagi FIFA kunlarida Bolgariyaga qarshi uchrashuv o‘tkazishi rejalashtirilgan edi. Biroq murabbiylar shtabining qaroriga ko‘ra, o‘zbekistonlik futbolchilar Amerikada yig‘in o‘tkazadigan bo‘ldi.
“Srechko Katanes shogirdlari yig‘in doirasida 10-sentabr kuni FIFA reytingida 11-o‘rinni egallab turgan AQSh milliy terma jamoasiga qarshi o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushadilar”, - deyilgan xabarda.
Uchrashuv Missuri shtati Sent-Luis shahridagi "CityPark" stadionida bo‘lib o‘tadi. O‘yin Toshkent vaqti bilan tonggi soat 03:30 da boshlanadi.
Ma’lumot o‘rnida, mazkur bahs jamoalar o‘rtasidagi ilk o‘zaro o‘yin hisoblanadi.