“Yosh chegarachilar” klublari tashkil etiladi

“Yosh chegarachilar” harbiy-vatanparvarlik musobaqasini o‘tkazish tartibi belgilandi.
Sputnik
TOShKENT, 28-iyun — Sputnik. 26 iyundagi Hukumat qarori bilan “Yosh chegarachilar” to‘g‘risida nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko‘ra, chegaraoldi shahar va tumanlardagi maktablarda “Yosh chegarachilar” klublari tashkil etiladi.
Klub maktab direktori tomonidan tasdiqlangan ramziy bayrog‘i, vimpeli va shioriga ega bo‘ladi.
Klub a’zoligiga maktablarning 9, 10 va 11-sinf o‘quvchilari, o‘z xohishiga ko‘ra, cheklanmagan miqdorda qabul qilinadi.
Klubga qabul qilish uchun a’zolik badali yoki boshqa to‘lovlar amalga oshirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Qaror bilan, shuningdek, “Yosh chegarachilar” harbiy-vatanparvarlik musobaqasini o‘tkazish tartibi belgilandi.
Unga ko‘ra, “Yosh chegarachilar” klublarining chaqiriqqacha tayyorgarlik yoshidagi (10–11-sinf) a’zolari o‘rtasida quyidagi 3 bosqichli musobaqalar o‘tkaziladi:
tuman (shahar) bosqichi – mart-aprel oylarida;
viloyat (Qoraqalpog‘iston Respublikasi) bosqichi – aprel oyining uchinchi o‘n kunligida;
respublika bosqichi – may oyining ikkinchi o‘n kunligida.
Musobaqada ishtirok etuvchi jamoa o‘quv yilining boshida klubning musobaqa shartlari bo‘yicha yuqori natija ko‘rsatayotgan 10 nafar a’zosidan (8 nafar o‘g‘il, 2 nafar qiz) iborat tarkibda tuziladi.
Musobaqaning har bir bosqichida 1, 2 va 3-o‘rinni egallagan jamoalar diplom, kubok va sovg‘alar bilan mukofotlanadi.