TOShKENT, 28-iyun — Sputnik. 19-25 iyun kunlari Qashqardaryo viloyati Qarshi shahrida O‘zbekiston-Tojikiston qo‘shma demarkatsiya komissiyasi ishchi guruhlarining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston TIV matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston-Tojikiston davlatlararo chegarasining loyiha demarkatsiya chizig‘idan o‘tish masalalari muhokama qilingan.
Tadbir yakunida tegishli bayonnoma imzolandi. Keyingi uchrashuv Tojikiston hududida bo‘lib o‘tadi.
O‘zbekiston-Tojikiston qo‘shma demarkatsiya komissiyasi ishchi guruhlarining avvalgi yig‘ilishi 10-16 aprel kunlari Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan edi.
O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida O‘zbekiston-Tojikiston davlat chegarasining ayrim uchastkalari to‘g‘risidagi bitim 2018-yil 9-10 mart kunlari O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Dushanbega davlat tashrifi doirasida imzolangan edi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston-Tojikiston chegarasining uzunligi 1332 kilometrni tashkil qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi davlat chegarasini demarkatsiya qilish to‘g‘risidagi shartnomani ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonun ma’qullagani xabar qilingan edi. Shartnoma bilan O‘zbekiston-Qozog‘iston davlat chegarasini belgilash bo‘yicha ishlar to‘liq yakunlandi hamda chegara xavfsizligi va daxlsizligini ta’minlash uchun eng muhim shart-sharoitlar yaratildi.