TOShKENT, 28-iyun — Sputnik. Senatning navbatdagi yalpi majlisi oldidan Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Unda “Prokuratura to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanishicha, harbiy prokuratura organlari faoliyati bilan bog‘liq o‘zgarishlar qonunchilikda to‘liq o‘z aksini topmagan.
Mazkur qonun bilan ayrim masalalarni ijobiy hal etish ko‘zda tutilgan.
Harbiy prokuratura organlarining Qurolli Kuchlar tizimida qonunchilik hujjatlariga so‘zsiz rioya etilishi ustidan nazoratni kuchaytirish, shuningdek, harbiy prokuratura organlariga xodimlarni harbiy xizmatga qabul qilish, lavozimidan ozod etish hamda harbiy unvonlar berishni tartibga soluvchi qo‘shimchalar kiritilayotgani shular jumlasidandir.
Shuningdek, harbiy prokuror va transport prokuroriga nisbatan yosh senzi qo‘llanilmoqda, ya’ni O‘zbekiston bosh prokurori, Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori, viloyatlar va Toshkent shahar prokurorlari hamda tumanlar, shaharlar prokurorlari va ularga tenglashtirilgan prokurorlar lavozimiga yigirma besh yoshdan kichik bo‘lmagan shaxslarni tayinlash qoidasi harbiy prokuror va transport prokuroriga nisbatan ham tatbiq qilinmoqda.
Senatorlarning fikricha, bu qonun mamlakat Qurolli Kuchlar tizimida qonuniylikni ta’minlashga, shu jumladan, Qurolli Kuchlar tizimida mamlakat xavfsizligi va hududiy yaxlitligini ta’minlashga doir qonuchilik hujjatlariga so‘zsiz rioya etilishiga xizmat qiladi.