TOShKENT, 27-iyun — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakat aholisini Qurbon hayiti bilan tabrikladi. Tabrik matni prezident saytida chop etildi.
Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, keyingi yillarda mamlakatda milliy va diniy qadriyatlarni rivojlantirish, vijdon va e’tiqod erkinligini ta’minlash borasida katta ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, mo‘min-musulmonlar uchun yaratilayotgan qulay sharoit va imkoniyatlar tufayli mana shu Qurbon hayiti kunlarida 15 ming nafar o‘zbekistonlik Makkai mukarramada haj ziyoratini ado etmoqda.
“Ularning barchasini bugungi ulug‘ ayyom bilan qutlab, Vatanimiz ravnaqi, el-yurtimiz tinchligi va farovonligi, oilalarimiz, farzandlarimizning baxtu iqbolini tilab qilayotgan duolari ijobat bo‘lishini Alloh taolodan so‘rab qolamiz. Hech shubhasiz, ko‘p millatli va ko‘p konfessiyali xalqimizning ezgu orzu-intilishlarini ro‘yobga chiqarish, go‘zal yurtimizni yagona Vatan deb biladigan barcha millat va elat vakillarining urf-odat va an’analarini saqlash hamda rivojlantirishga biz bundan buyon ham alohida ahamiyat qaratamiz”, - deyilgan tabrikda.
Mirziyoyev birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan Yangi O‘zbekiston, millati, tili va dinidan qat’i nazar, har bir fuqaro tinch-osoyishta, erkin va farovon yashaydigan, tom ma’nodagi do‘stlik va bag‘rikenglik diyoriga aylanishiga ishonch bildirgan.
“Mana shu munavvar lahzalarda dunyoning uzoq-yaqin hududlaridagi barcha mo‘min-musulmonlarga samimiy tabriklarimizni yo‘llab, ularning mamlakatlari va xalqlariga tinchlik va taraqqiyot tilaymiz”, - deyiladi davlat rahbari tabrigida.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda bu yil Qurbon hayiti 28-iyun kuni nishonlanadi. O‘zbekistonliklar bayram munosabati bilan ketma-ket 5 kun dam olishadi.