TOShKENT, 26-iyun — Sputnik. Bugun, 26-iyun kuni, futbol bo‘yicha O‘zbekiston U-17 jamoasi Tailandda davom etayotgan Osiyo kubogining chorak finalida Saudiya Arabistoniga qarshi maydonga tushadi.
Bu uchrashuvdagi qozonilgan g‘alaba O‘zbekiston o‘smirlariga jahon chempionati yo‘llanmasini taqdim etadi.
O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi bosh murabbiyi Jamoliddin Rahmatullayev va jamoa futbolchisi Sherzod Abdulboriyev Saudiya Arabistoniga qarshi o‘yin oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida bu muhim uchrashuv ekanligi, futbolchilarda g‘alabaga bo‘lgan ishtiyoq yuqoriligini ta’kidlashdi.
Bu bahsda o‘zbekistonlik futbolchilar oq-ko‘k libosda, darvozabon esa to‘q sariq libosda harakatlanadi.
O‘yin Toshkent vaqti bilan soat 19:00 da boshlanadi va u Bangkok shahrining “Tammasat” stadionida bo‘lib o‘tadi. Bahsni “AFC Asian Cup”ning YouTubeʼdagi rasmiy kanalida onlayn tomosha qilish mumkin.