TOShKENT, 26-iyun — Sputnik. Talimarjon issiqlik elektr stansiyasida quvvati 1 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirildi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, stansiyada energiya tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish orqali o‘z ehtiyoji uchun sarflanadigan elektr energiyasini quyosh panellaridan qoplash choralari ko‘rilmoqda.
Mazkur yashil stansiya ishga tushirilishi natijasida korxonada yiliga qo‘shimcha 1,8 mln kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Buning natijasida yiliga 400 ming kub metr tabiiy gaz iqtisod qilinishiga erishiladi.
Ma’lumot uchun, ushbu fotoelektr stansiyasiga monokristall turidagi 1500 dan ortiq panellar o‘rnatilgan bo‘lib, stansiya “ On Grid” rejimida ishlashga mo‘ljallangan.
Eslatib o‘tamiz, iyun oyi boshida Toshkent issiqlik elektr markazida quvvati 505,6 kVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirilgan edi.