TOShKENT, 26-iyun – Sputnik Ijtimoiy tarmoqlarda ariqda noma’lum go‘dakning oqib ketayotgani va uni bir yigit qutqarib qolgani aks etgan videolar tarqaldi. Bolani qutqarib qolgan 18 yoshli Tojiboyev Yusufbek Yoshlar ishlari agentligi tomonidan noutbuk bilan taqdirlandi, deya xabar bermoqda Qibray tuman hokimligi.
Yusufbek 18-iyun kuni taxminan soat 19:05 da Toshkent viloyati Qibray tumani Xo‘jaqo‘rg‘on mahallasidan oqib o‘tuvchi Oqtepa kanalining qo‘shiluvchi zag‘ariqda behush holda oqib ketayotgan qizaloqni chiqarib oladi. Unga o‘z vaqtida tez tibbiy yordam ko‘rsatadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2 yoshli Abdullayeva Muslimaning sog‘lig‘i yaxshi va ayni paytda tibbiyot xodimlari nazoratida.
Qibray tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi mas’ullari yigitga bo‘lim tomonidan tashakkurnoma va sovg‘alarini topshirdi.