Qashqadaryoda ayol kishini stakan bilan urgan erkakka qarshi jinoiy ish ochildi

Voqea Shahrisabz shahridagi “Karavan” oshxonasida ro‘y bergan.
Sputnik
TOShKENT, 26-iyun — Sputnik. Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahridagi restoranda ayollarga stakan uloqtirgan erkakka nisbatan jinoyat ishi ochildi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, qibraylik fuqaro R.D. tanishlari bilan Shahrisabz shahridagi “Karavan” oshxonasida o‘tirganida shu yerda yashovchi B.Sh. fuqaro R.D. va uning tanishlari o‘tirgan stolga kelib o‘tirgan. So‘ngra turib ketib, hech bir sababsiz stol tomon ichimlik ichish uchun mo‘ljallangan shisha idishni otgan.
Shisha idish fuqarolar R.D. va Q.S.larning yuz va bo‘yin sohasiga kelib teggan. Ayollar tan jarohati olib, shifoxonaga tushishgan.
Hozirda fuqaro B.Sh.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi "v" bandi (sovuq qurol yoki kishining sog‘lig‘i uchun amalda shikast yetkazishi mumkin bo‘lgan narsalarni (qurol sifatida) namoyish qilib, ularni qo‘llash bilan qo‘rqitib yoxud qo‘llab bezorilik qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan.
Tergov harakatlari olib borilmoqda.