Bu qiziq: o‘zbek milliy bolalar o‘yinlarini bilasizmi?

“O‘zbekning o‘z so‘zlari” ruknining navbatdagi soni an’anaviy bolalar o‘yinlariga bag‘ishlangan.
Sputnik
Bugun biz o‘ta zamonaviylashgan dunyoda yashayapmiz. Turmushimizning asosiy qismi gadjetlarga bog‘lanib qolgan. Bugun ko‘cha-ko‘yda to‘p tepayotgan, bir-biri bilan eshakmindi o‘ynayotgan bolalarni kam ko‘ramiz. Aksincha, qo‘lidagi telefonga muk tushib nimanidir ko‘rayotgan, virtual o‘yinlarga andarmon bo‘lib yon-atrofiga befarq bolalarni ko‘p ko‘ramiz. Bu bolalar 15-20 yillar avval o‘z aka-opalari o‘ynagan milliy o‘yinlarmizni bilarmikan? Bu galgi maqolamizda eng ko‘p o‘ynaladigan milliy o‘yinlarga to‘xtalamiz.

Lanka

Milliy bolalar o‘yini va shu o‘yin anjomi nomi. Bu o‘yinning yana bir nomi – qarabtep. Lanka so‘yilgan mol, qo‘y terisidan dumaloq kesib olinib, junsiz tomoniga shunga mos qo‘rg‘oshin yoki tangani ip bilan mahkamlab tayyorlanadi. Bu anjomni bolalar oyoqning ich yoki tashqi tomoni bilan kim ko‘p yerga tushirmay tepib o‘ynashadi. Lanka havoda oyoqqa yaqinlashayotganda bola lankani qanday tepish kerakligi haqida tezda bir fikrga kelib, tepish turini tanlaydi va kerakli harakatlarni bajaradi.

Jonkuyar

Qizlar ikki tomonda turib olib, o‘rtadagi dugonasini to‘p bilan urib safdan chiqarishdan iborat o‘yin nomi. Andijon tomonda bu o‘yin lopta deyiladi. O‘rtaga chiqqan qiz dugonalari otgan koptokni yo ilib olib “jon” yig‘ishi, yo koptokka chap berishi kerak. Uloqtirilgan to‘p ilib olinmasa yoki to‘p badanning biror joyiga tegsa, yig‘gan “jon”i kuyadi – bekor bo‘ladi va o‘yindan chiqadi. Shuning uchun jonkuyar deyilgan.

To‘ptosh

Danakdek-danakdek toshchani bexato otib-ilib marraga to‘plashdan iborat qiz bolalar o‘yini va uning nomi. Bu o‘yinda toshchalardan birini otib ikkinchisi epchillik bilan marraga surib qo‘yish kerak bo‘ladi. O‘zi otgan toshchani ilib olmagan qiz galni dugonasiga o‘tkazadi. O‘yin toshchalarni kim tez marraga yig‘ib bo‘lguncha davom etadi.

Quloqcho‘zma

To‘y, hayit va boshqa sayillarda o‘g‘il bolalar ishtirokida o‘tadigan o‘yin. O‘yinni bakovul – katta yoshli kishi boshqaradi. U ro‘molchaga pul yoki boshqa sovrinni tugib yuqoriga otadi. Bolalar epchillik bilan uni ilib oladi va qochib ketadi. Ilib olgan bola tengdoshlariga tutqazmay marraga yetib borishi kerak. Agar tengdoshlari yetib olsa, uni qulog‘idan cho‘zib sovrinni berishga majbur qiladi. Shuning uchun quloqcho‘zma deyiladi.

Xolakam

Qiz bolalarning mehmon-mehmon o‘yini. Qo‘qon va atrof tumanlarida bu o‘yin xolakam-xolakam deb ataladi. Bu o‘yinda qizchalar bir nechasi mehmon, biri mezbon rolini bajaradi. Mezbon qiz mehmonni kutib olishi, mehmon qilishi va kuzatib qo‘yishi kerak. Xolakam o‘yini qizlarda mehmon kutish odobini tarbiyalaydi. O‘yin yakunida qizlarning o‘zi kim yaxshi mehmon kutganini aniqlaydilar.

Bekinmachoq

Yashiringan bolalarni qidirib topishdan iborat bolalar o‘yini. Shunga o‘xshash o‘yin Farg‘ona vodiysida yashintopaloq deyiladi. Yashintopaloq kechqurun o‘ynalishi bilan bekinmachoqdan farq qiladi. Bekinmachoqda epchillik bilan yashirinish zarurligi uchun bekinmachoq deyilgan. Yashintopaloqda yashirinib olgan o‘rtoqlarini ziyraklik ko‘rsatib topish kerakligi uchun yashintopaloq deb atalgan.

Innana

Uzun yog‘och yoki taxtani biror g‘o‘la ustiga muvozanatli o‘rnatib, ikki boshiga ikki kishi o‘tirib olib, navbat bilan ko‘tarilib-tushib o‘ynaladigan bolalar o‘yini va shunday moslamaning o‘zi.

Aji-aji

Bolalarning o‘zlaridan kichik bolalarga “aji”, “aji” deb o‘ynaydigan o‘yini. Bunda kattaroq bola yuz-ko‘zini ikki qo‘li bilan to‘sib, keyin ochadi. Ana shu paytda “aji”, “aji” deb kichikroq bolani kuldirib hayron qoldiradi. O‘yin nomi unda aytiladigan so‘zdan olingan.

Vizvizak

Tugma yoki boshqa narsadan ip o‘tkazib, ikki qo‘l barmoqlaridan biriga o‘rnatib, ikki yonga tortish va bo‘shatish bilan viz-viz tovush chiqartirib o‘ynaladigan bolalar o‘yini. Bu o‘yin ayrim joylarda bizbizak deb ataladi. Bu o‘yin anjomidan chiqadigan tovushni “viz-viz” deb eshitganlar uni vizvizak deb ataganlar. Aksincha, o‘yin anjomidan chiqadigan tovushni “biz-biz” tarzida eshitganlar bizbizak deb nomlaganlar. Ammo ikkalasi ham bitta o‘yin turi.

Ot-otakam

Bir bola ikkinchi bolaning etagidan ushlab ot qilib yoki yog‘och ot minib chopishdan iborat bolalar o‘yini. Ot-otakam o‘yinini 6-7 yoshli o‘g‘il bolalar erta bahorda o‘ynagan. Bu o‘yinda bolalar tol yoki tut novdasini ot kallasiga o‘xshatib egib oladi va uni ot qilib minib yuradilar. Ot-otakam deyilishiga shu sabab bo‘lgan.

Paqpaq

Bolalarning bir bo‘lak loyni piyola shakliga keltirib, to‘ntarib yerga urib paqillatish o‘yini. Qo‘qon taraflarda bu o‘yin loyporsildoq deyiladi. Ko‘pincha yoz oylarida o‘ynaladi. Loyni yerga urganda chiqadigan ovoz “paq” yoki “pors” deb eshitilganligi uchun paqpaq yoki loyporsildoq deyilgan.

Hammompish

O‘g‘il va qiz bolalar nam tuproqni yoki loyni hammom shaklida gumbaz qilib o‘ynaydigan o‘yin. Bolalar loy obdon pishishi uchun xamirdek mushtlaydilar. Loy silliq bo‘lib yetilgach, o‘yin uchun tayyor bo‘lgan hisoblanadi. Bolalar loyni pishirib hammom qurgani uchun hammom pishhammom qur deyilgan. G.Mardonovaning yozishicha, bu o‘yinni qizlar o‘ynaganda o‘yinni onaboshi boshqaradi. Onaboshi qizchalarga loydan zuvala tayyorlatadi. Keyin quyidagi she’rni aytgan: Tomga chiqdim tarozi qursin, Manavi qizning arozi qursin. Qizil ko‘ylak tomdan tush, Zuvalangdan hammom pish. Pish so‘zi kimga to‘g‘ri kelsa, o‘sha qiz chetga chiqib turadi. Shu tarzda she’r aytilib, pish so‘zi to‘g‘ri kelgan qiz davradan chiqaveradi. Oxirida qolgan qiz: Qizil qiz tomdan tushibdi, Xamirim, xamir pishibdi, deb qo‘lidagi loy zuvalasini bor kuchi bilan yerga uradi. U paqillab gumbaz shaklida tushishi va bosh tomonidan loy sachrab, og‘zi ochilishi kerak. Agar bunday bo‘lmasa, qiz o‘rtoqlari aytgan shartni bajaradi. Bunda she’r, ashula ayttiriladi yoki uy-ro‘zg‘or ishlari bajartiriladi. “Hammompish” o‘yini kulollar hayotidan olingan bo‘lib, o‘yin bolalarning qo‘llari uquvli bo‘lishiga yordam beradi.
Bu bolalar o‘yinini boshqa joylarda xommapish ham deb atashadi. Bu o‘yinda bolalar ko‘cha tuprog‘ini gumbaz qilib uyib, ustidan suv sepib qotirgach, tepasi va yonlaridan teshik ochib, ichiga olov yoqib o‘ynaydilar.

Eshakmindi

Besh nafar o‘g‘il bola ishtirokida o‘tkaziladigan o‘yin. Bunda to‘rtta to‘ptosh olinadi va ikki-uch metr masofadan chuqurchaga otiladi. Bitta toshi tushgan bola “eshak”, ikkita toshi tushgan bola “ot”, uchta toshi tushgan bola “vazir”, to‘rtta toshi tushgan bola “podshoh” bo‘ladi. Shunda vazir eshakni, podshoh otni minadi. Hali to‘ptosh otmagan beshinchi bola esa o‘yinni qayta davom ettiradi. Toshkentda shunga o‘xshash o‘yin eshak-eshak deyiladi. Jizzaxda bu o‘yin o‘n bir bola ishtirokida o‘ynaladi.

Chillak

Bitta uzun, bitta kalta tayoq bilan o‘ynaladigan bolalar o‘yini. Chillak o‘yinida kerak bo‘ladigan ikki tayoqning kaltasi chillakbola, uzuni chillakona yoki chillaksop deyiladi. Chillakona va chillakbola tol shoxidan tayyorlanmasa tezda sinib ketadi. Bu o‘yinda chuqurchada turgan chillakbolani chillaksop bilan urib marraga yetkazish talab etiladi. Marraga yetkazolmagan bolaga biror shart aytiladi. Masalan, “nafas olmay zuvillab kelish”, “bir oyoqda sakrab kelish”, “qurbaqadek yurib kelish” va boshqa shartlarni aytish mumkin.