“Damas” haydovchisi Xiva shahar IIB boshlig‘ini urib yubordi

Mast haydovchi yo‘lni kesib o‘tayotgan Xiva shahar IIB boshlig‘ini urib yuborgan.
Sputnik
TOShKENT, 26-iyun — Sputnik. Xorazmda "Damas" haydovchisi Xiva shahar IIB boshlig‘ini urib yubordi. Bu haqda Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov xabar qildi.
Mahaliy OAVlar xabariga ko‘ra, voqea 25-iyundan 26-iyunga o‘tar kechasi soat 00:10 larda Xiva shahar IIB ma’muriy binosi oldida yuz bergan. Mast haydovchi yo‘lni kesib o‘tayotgan Xiva shahar IIB boshlig‘ini urib yuborgan va mashinani hodisa joyida qoldirib, noma’lum tomonga yashiringan. Olib borilgan tezkor-qidiruv ishlari natijasida haydovchi qo‘lga olingan.
Bosh prokuratura xabarida yozilishicha, jabrlanuvchi og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Tergov harakatlari olib borilmoqda.