TOShKENT, 25-iyun — Sputnik. Turkiyaning Bursa shahrida O‘zbekistonning sayyohlik imkoniyatlarini namoyish etishga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Tadbir O‘zbekistonning Anqaradagi elchixonasi va Istanbuldagi Bosh konsulligi tashabbusi bilan o‘tkazildi.
Unda Turkiya Madaniyat va turizm vazirligining Bursa shahri bo‘linmasi rahbari Kamil O‘zer, Bursa Savdo-sanoat palatasi boshqaruvi kengashining a’zosi Erol Qilich hamda 20 dan ortiq sayyohlik agentliklari vakillari ishtirok etdi.
Ta’kidlanishicha, tadbir doirasida Samarqand, Buxoro, Xiva va Qo‘qon kabi shaharlar bag‘rida joylashgan tarixiy qadamjolar va osori-atiqalar aks etgan suratlar ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Shuningdek, “Tabarruk ziyorat” turizm konsepsiyasi, Bahouddin Naqshband, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturudiy va Burhoniddin Marg‘inoniy kabi mashhur ulamolarning Islom dunyosidagi o‘rni haqidagi ma’lumotlar ham tadbir ishtirokchilariga taqdim etildi.
Shu bilan birga, Turkiyadan O‘zbekistonga boradigan sayyohlar uchun yaratilgan qulay imkoniyatlar, sayyohlik yo‘nalishlari, jumladan, ikki tomonlama muntazam aviaqatnovlar yo‘nalishlarini diversifikatsiyalash va ularning sonini oshirish bo‘yicha olib borilayotgan amaliy ishlar haqidagi ma’lumotlar ham taqdim etildi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekistonga turkiyalik sayyohlar sonini yanada ko‘paytirish bo‘yicha muhim tavsiyalar shakllantirilgani barobarida xususiy sayyohlik agentliklari bilan Turkiyaning uzoq va yaqin hududlaridan ziyoratchilarning uyushgan holdagi safarlarini amalga oshirishga kelishib olindi.