Pekin Moskvani qo‘llab-quvvatlashini bildirdi — Rossiya TIV

Pekin Rossiyadagi ichki siyosiy vaziyatda Moskvani qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Sputnik
TOShKENT, 25-iyun — Sputnik. Pekin 24-iyun voqealari munosabati bilan Rossiyadagi ichki siyosiy vaziyatda Moskvani qo‘llab-quvvatlashini bildirdi, Xitoy tomoni “Rossiyaning yanada gullab-yashnashiga” umid qilmoqda, deyiladi Rossiya Tashqi ishlar vazirligi xabarida.
“Xitoy tomoni Rossiya Federatsiyasi rahbariyatining 24-iyun voqealari munosabati bilan mamlakatdagi vaziyatni barqarorlashtirishga qaratilgan sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi hamda Rossiyaning hamjihatligini mustahkamlash va yanada gullab-yashnashidan manfaatdor ekanini tasdiqladi”, — deyiladi Pekinda Rossiya Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Aleksandr Rudenko va Xitoy Tashqi ishlar vaziri Sin Ganning uchrashuviga ko‘ra yozilgan xabarda.
Ta’kidlanishicha, tomonlar Rossiya-Xitoy munosabatlarining hozirgi holatiga yuqori baho berib, ularni izchil mustahkamlash uchun birgalikda ishlashga tayyor ekanliklarini tasdiqladi.
Bir kun avval Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FXX) ijtimoiy tarmoqlarda Yevgeniy Prigojin nomidan tarqalayotgan va “Vagner” XHK qismlariga Mudofaa vazirligi zarba bergani haqidagi xabarlar haqiqatga mos kelmasligi va axborot provokatsiyasi ekanini ma’lum qildi. Rossiya FXX Tergov boshqarmasi Prigojinga qarshi Jinoyat kodeksining 297 moddasi bilan (“Qurolli ison tashkil etish”) jinoiy ish ochdi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin rossiyaliklarga yo‘llagan murojaatida ison ko‘tarishga uringanlarning hammasi jazolanishi, qonun va xalq oldida javob berishini ma’lum qildi.
Belarus rahbari matbuot xizmati Prigojin Aleksandr Lukashenkoning “Vagner” jangchilari harakatlanishini Rossiya hududida to‘xtatish haqidagi taklifini qabul qilganini ma’lum qildi. Aniqlik kiritilishicha, “stol ustida vaziyatni hal etishning mutlaqo foydali va maqbul varianti turibdi".
Shundan so‘ng “Vagner” rahbari Yevgeniy Prigojin jangchilarini to‘plab, dala lagerlariga qaytib ketishini ma’lum qildi.
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Prigojinga qarshi jinoiy ish tugatilishi va u Belarusga ketishini ma’lum qildi. Kreml vakili oliy maqsad qon to‘kilishining va ichki ixtilofning oldini olish bo‘lganini ta’kidladi.