O‘zbekiston bo‘ylab “Yangi nafas” ommaviy yugurish musobaqasi o‘tkazildi — foto

Ommaviy yugurish musobaqasida respublika bo‘yicha jami 60 mingdan ziyod ishtirokchi qatnashdi.
Sputnik
TOShKENT, 25-iyun — Sputnik. Bugun butun O‘zbekiston bo‘ylab 23-iyun – Xalqaro Olimpiya kuni hamda 30-iyun – Yoshlar kuniga bag‘ishlangan “Yangi nafas” ommaviy yugurish musobaqasi o‘tkazildi. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi xabar berdi.
Tadbir O‘zbekistonning 16 shahrini qamrab oldi. Toshkent shahridagi bahslar ham yuqori saviyada tashkil etildi.
Qayd etilishicha, ushbu musobaqada O‘zbekiston vakillaridan tashqari qo‘shni Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘izistondan tashrif buyurgan sportchilar, qolaversa, O‘zbekistonda faoliyat olib borayotgan diplomatik korpus vakillari ham ishtirok etdi.
Ommaviy yugurish musobaqasida respublika bo‘yicha jami 60 mingdan ziyod ishtirokchi qatnashdi. Ular orasida 17 mingga yaqin talabalar, shuningdek, harbiy o‘quv yurtlarining kursantlari va bitiruvchilaridan iborat Vatan Qalqoni harbiy-vatanparvarlik guruhi ham bor.
Farg‘ona, Namangan, Buxoro, Samarqand, Nukus shaharlarida 1 milya (1609 metr) va 3 km, Andijon, Guliston, Nurafshon, Jizzax, Termiz, Navoiy, Qorovulbozor, Qarshi, Urganch va G‘uzor shaharlarida 3 km masofada bahslar bo‘lib o‘tdi.
“Humo arena” majmuasining oldidagi maydon mezbonlik qilgan Toshkent shahridagi bahslar esa 1 milya, 3 km va 10 km masofalarda tashkil etildi.
Bugun kechki dasturda Toshkent shahridagi “Milliy bog‘” maskanida poytaxtda o‘tgan musobaqaning g‘olib va sovrindorlarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tadi.