TOShKENT, 24-iyun — Sputnik. Qatar Airways aviakompaniyasi Doxadan Toshkentga muntazam parvozlarni boshlaydi, deya xabar berdi Transport vazirligi.
Transport vaziri Ilxom Maxkamov Qatar davlatining O‘zbekistondagi elchisi Hasan Hamza Asad Muhammad Hoshim bilan uchrashdi.
Uchrashuvda tomonlar ikki mamlakat o‘rtasida muntazam aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish masalasini muhokama etishdi.
Elchi janoblari "Qatar Airways" aviakompaniyasi Doxa – Toshkent – Doxa yo‘nalishida aviaqatnovlarni amalga oshirish bo‘yicha kompaniya ichki tartiblarini ishlab chiqayotganini ma’lum qildi.
Tomonlar ushbu jarayonlar yakunlangach, parvozlarni amalga oshirish bo‘yicha mavjud talab va qoidalar yuzasidan muzokaralar o‘tkazishga kelishib oldi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Qatar fuqarolari uchun O‘zbekistonga kirishda vizasiz rejimni belgilash to‘g‘risidagi farmonni imzolagan edi. Farmonga ko‘ra, Qatar fuqarolari uchun O‘zbekiston hududiga kirgan kundan e’tiboran 30 kunlik muddatga vizasiz rejim belgilandi.