Pokiston bilan harbiy hamkorlik to‘g‘risidagi bitim ratifikatsiyasi oid qonun ma’qullandi

Ta’kidlanishicha, harbiy-texnikaviy sohadagi hamkorlik ikki davlat qurolli kuchlarining mudofaa salohiyatini yanada oshirish va mintaqaviy xavfsizlik asoslarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Sputnik
TOShKENT, 23-iyun — Sputnik. O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining qirq ikkinchi yalpi majlisida O‘zbekiston va Pokiston hukumatlari o‘rtasidagi harbiy-texnikaviy sohada hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qilish haqidagi qonun ko‘rib chiqildi va ma’qullandi. Bu haqda parlamentning yuqori palatasi axborot xizmati xabar qildi.
Bitim 2022-yil 3-mart kuni Islomobodda imzolangan.
Majlisda bitimning asosiy maqsadi teng huquqlilik va o‘zaro manfaatdorlik tamoyili asosida ikki mamlakat o‘rtasida harbiy-texnikaviy sohada hamkorlikni yanada rivojlantirish ekani qayd etildi.
Senatorlar ratifikatsiya qilish uchun taqdim etilgan bitimning ahamiyatini yuqori baholab, O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi harbiy-texnikaviy sohadagi hamkorlik ikki davlat qurolli kuchlarining mudofaa salohiyatini yanada oshirish va mintaqaviy xavfsizlik asoslarini mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidlashdi.