TOShKENT, 23-iyun — Sputnik. O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan prezident saylovi kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchilar 28-iyun – 5-iyul kunlari muddatidan oldin ovoz berishlari mumkin bo‘ladi.
Saylov uchastkasida muddatidan oldin ovoz berish vaqti:
ish kunlari soat 9:00 dan soat 18:00 ga qadar;
dam olish va bayram kunlari soat 11:00 dan soat 17:00 ga qadar.
Muddatidan oldin ovoz berishni amalga oshirish uchun saylovchi saylov kunida bo‘la olmasligining sabablari (ta’til, xizmat safari, xorijga chiqish va hokazo) ko‘rsatilgan ariza asosida tegishli uchastka saylov komissiyasidan saylov bulletenini oladi.
Saylovchi saylov bulletenini olganligi haqida tegishli uchastka komissiyasining kamida ikki nafar a’zosi hozirligida saylovchilar ro‘yxatiga imzo qo‘yadi.
Saylov bulleteni maxsus jihozlangan yashirin ovoz berish kabinasida yoki xonasida saylovchi tomonidan to‘ldiriladi.
Ovoz berish uchastkasi
© Sputnik/Zafar Xalilov
Saylovchi qaror qabul qiladi va to‘ldirilgan saylov bulletenini yopiq konvertda qoldiradi, konvert tegishli uchastka saylov komissiyasining seyfida saqlanadi.
Konvertning yelimlangan joyiga uchastka komissiyasining ikki nafar a’zosining imzolari qo‘yilib, ular komissiyaning muhri bilan tasdiqlanadi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda prezident saylovi 9-iyul kuniga belgilangan. O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan prezident saylovida muddatidan oldin ovoz berish jarayonlari 28-iyun-5 iyul kunlari bo‘lib o‘tadi. Tashqi ishlar vazirligining MSKga kelib tushgan taqdimnomasiga asosan 39 ta O‘zbekistonning chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida 56 ta saylov uchastkasi tuziladi.
Prezidentlikka Ekopartiyadan Abdushukur Hamzayev, Xalq-demokratik partiyasidan Ulug‘bek Inoyatov, "Adolat" sotsial-demorkatik partiyasidan Robaxon Mahmudova, O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan (O‘zLiDeP) amaldagi davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev nomzodi ilgari surilgan. Nomzodlarning saylovoldi tashviqoti 7-iyundan boshlangan.