O‘zini o‘zi band qilgan holda "taksichilik" bilan shug‘ullanayotganlar soni ma’lum qilindi

Transport vazirligi taksichilik faoliyati bilan o‘zini-o‘zi band qilgan fuqarolar sonini ochiqladi.
Sputnik
TOShKENT, 22-iyun – Sputnik. O‘zbekistonda bugungi kunda o‘zini o‘zi band qilgan holda taksichilik faoliyati bilan shug‘ullanayotganlar soni 148 000 nafarni tashkil etmoqda, deya xabar bermoqda Transport vazirligi.

"Avtotransport vositalarini boshqarishda va yo‘nalishsiz taksi faoliyatini amalga oshirishda qo‘shimcha qulayliklar yaratish to‘g‘risida"gi prezident qaroriga asosan 2022-yil 1-sentabrdan 2024-yil oxirigacha 4 tadan ko‘p bo‘lmagan o‘rindiqlarga ega transport vositalarida yo‘lovchi tashuvlariga o‘zini o‘zi band qilish deb qaralishi belgilangan. Faoliyat litsenziya varaqasi orqali amalga oshiriladi", - deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, poytaxt Toshkentda bunday taksichilar soni 18 816 nafarni tashkil etmoqda. Shuningdek, Samarqand, Toshkent viloyati, Buxoro hamda Andijon ham bu borada yetakchi.