MUQADDIMA
2023 yilning 30-aprel kuni bo‘lib o‘tgan referendumda xalqimiz alohida faollik, katta ishonch bilan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini qo‘llab-quvvatlab ovoz berdi.
Albatta, buning zamirida katta hayotiy haqiqat, xalqimiz orzu qilgan yangi hayotni qurish maqsadi mujassam. Zero, adolatli jamiyat, demokratik huquqiy davlat qurishga azmu shijoat qilgan el borki, avvalo, farovonlik yo‘lidagi islohotlarni o‘z Konstitutsiyasida aks ettirishga, bunda inson qadr-qimmati, uning huquq va erkinliklarini barcha qadriyatlardan ustun qo‘yishga harakat qiladi.
Endilikdagi vazifa — yangi tahrirdagi Konstitutsiyani so‘zsiz va to‘liq amalga oshirish, unda mustahkamlangan ustuvor prinsiplarni taraqqiyot maqsadlariga hamohang tarzda ro‘yobga chiqarish, davlat organlarining faoliyatini yangicha konstitutsiyaviy-huquqiy sharoitlarda yo‘lga qo‘yish, fuqarolar o‘z hayotida xalq Konstitutsiyasi ruhini yaqqol his etib turishini amalda ta’minlashdan iborat.
Shu nuqtayi nazardan, siyosiy maydonda xalqchil va hayotiy g‘oyalari bilan o‘z o‘rni va obro‘siga ega bo‘lgan O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi oldidan Vatanimiz taraqqiyoti yo‘lida demokratik huquqiy, ijtimoiy davlat va barcha uchun farovonlik ta’minlangan adolatli fuqarolik jamiyatini qurishning sotsial-demokratik modelini taklif etadi hamda uning asosiy qoidalari quyidagilardan iborat:
inson, uning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari davlat va jamiyatning eng yuksak qadriyatlari ekanligini tan olib, jamiyat va davlat hayotining barcha jabhalarida har bir insonni farovon hayoti uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, ijtimoiy adolat va qonun ustuvorligini ta’minlash;
O‘zbekistonning erkinlik, imkoniyatlar tengligi, adolatlilik, birdamlik, ijtimoiy himoya va mas’uliyat tamoyillari hukmronlik qiladigan, insonlarning keskin tabaqalanishiga yo‘l qo‘yilmaydigan kuchli ijtimoiy davlat sifatida, aholining yuqori turmush darajasiga ega rivojlangan davlatlar qatoriga qo‘shilishiga erishish;
xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbai ekanligi haqidagi konstitutsiyaviy prinsip davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi ekanligini ta’kidlab, xalq hokimiyatining yorqin timsoli bo‘lmish vakillik demokratiyasi institutining roli va ahamiyatini yanada oshirish;
mamlakat iqtisodiyotining barqaror rivojlanishini ta’minlash, jamiyatning innovatsion, intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarish va inson kapitalini rivojlantirish;
har bir inson farovonligining garovi bo‘lmish tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash, fuqarolar totuvligi, millatlararo va dinlararo bag‘rikenglikni mustahkamlash, har tomonlama muvozanatli, o‘zaro manfaatli va konstruktiv tashqi siyosat olib borish.
Biz xalqimizning orzu-umidlari va hayotiy ehtiyojlariga asoslangan holda, o‘tmish saboqlaridan to‘g‘ri xulosa chiqarib, mamlakatimizning kelajak avlodi oldidagi mas’uliyatni his etib, quyidagi ustuvor vazifalarni ilgari suramiz.
I. HUQUQIY DAVLAT QURISh — PIROVARD MAQSADIMIZ
Xalqimiz ma’qullab bergan Konstitutsiyada ilk bor O‘zbekiston Respublikasi huquqiy davlatdir, degan qoida o‘z ifodasini topdi. Bosh qomusimizda inson huquqlari kafolatlariga oid normalar ham 3,5 barobar ko‘paytirildi.
Bu esa barcha sohalarda qonun ustuvorligini ta’minlash eng ustuvor vazifamiz bo‘lishi lozimligini anglatadi. Negaki, qonun ustuvor bo‘lgan jamiyatda tinchlik va osoyishtalik hukm suradi, taraqqiyotning barqaror va bardavomligi ta’minlanadi, xalqning davlat siyosatiga va kelajakka bo‘lgan ishonchi ortadi, fuqarolarning Vatan taqdiriga daxldorlik tuyg‘usi yuksaladi.
Shu nuqtayi nazardan, biz “Qonun ustuvorligi — adolatli jamiyat qurishning muhim sharti!" degan tamoyilni jamiyatning har bir a’zosi, ayniqsa, mansabdor shaxslar faoliyatining muhim qoidasiga aylantirishga intilamiz.
“Adolat” SDP uchun oliy qadriyat bu – inson, uning huquq va erkinliklaridir!
Inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, har bir shaxsning qadr-qimmatini e’zozlash erkin va adolatli jamiyatning ajralmas xususiyatidir.
Inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish uchun, birinchi galda, sudlar mustaqilligini ta’minlash va shu maqsadda sudyalarning xalq deputatlari Kengashlariga axborot berish amaliyotini bekor qilishni ilgari suramiz.
Biz sudlar adolat qo‘rg‘oni bo‘lishi tarafdorimiz!
Sudyalar sonini ko‘paytirish, ularning ixtisoslashuvini yanada kengaytirish, jumladan, oilaviy, mehnat, intellektual mulk, voyaga yetmaganlar huquqlarini himoya qilishga oid nizolar bo‘yicha ixtisoslashtirilgan sudyalar korpusini shakllantirish masalalari diqqat markazimizda bo‘ladi.
Qonun asosida yashash hayot tarzimizga aylanishi zarur. Buning uchun, eng avvalo, Konstitutsiya va qonunlarning ustunligini ta’minlashimiz shart. Bu borada Konstitutsiyamizda ilg‘or huquqiy mexanizmlar ko‘zda tutilgan bo‘lib, biz davlat xizmatiga ishga kiradigan har bir xodimni Konstitutsiyani bilish bo‘yicha sinovdan o‘tkazish lozim, deb hisoblaymiz.
Shu bilan birga, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organdan “qochish” stereotipini tubdan o‘zgartirishimiz kerak. Shunday madaniyat shakllantirishimiz kerakki, toki hech bir inson u yoki bu huquqbuzarlikni guvohi bo‘lsa, uni ko‘rmaganga olmasligi, balki huquqni muhofaza qiluvchi organga xabar qilish sharafli fuqarolik burchi ekanligini anglashi lozim.
Buning uchun huquqbuzarlikka guvoh bo‘lgan odamni sud va tergov organlariga ovora qilib chaqiravermasdan, zamonaviy raqamli texnologiyalardan keng foydalanish va ularni rag‘batlantirish kabi usullardan foydalanishni taklif etamiz.
Shu bilan birga, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning ish uslubini o‘zgartirish, xususan, ular faoliyatidagi hali-hanuz saqlanib qolayotgan ayrim eskicha yondashuvlarni bartaraf qilish, yanada aniq aytadigan bo‘lsak, jazolash g‘oyasidan adolat, tenglik, erkinlik g‘oyalariga o‘tish zarur, deb hisoblaymiz.
Ma’lumki, inson huquqlarini ta’minlash va uni munosib himoya qilishda advokatura institutining o‘rni va roli beqiyosdir. Shu bois, odil sudlovni ta’minlashda advokatga berilgan huquqlarni qayta ko‘rib chiqish, ularga kasbiy vazifalarini samarali bajarishi uchun qo‘shimcha vakolatlar berish zarur.
Advokatura institutini rivojlantirish tomon yana ildam qadamlar qo‘yish kerak, sudyaning sud jarayonidagi faol rolini bosqichma-bosqich kamaytirib borib, asosan tomonlar o‘rtasidagi keltiriladigan dalillarni baholashga ko‘proq urg‘u berish kerak.
Biz advokatura faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada kengroq joriy etish yo‘lidan boramiz. Ayniqsa, advokatura, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda boshqa davlat organlari o‘rtasida elektron ma’lumot almashinuvini yanada yaxshilash choralarini ko‘ramiz.
Shuningdek, kam ahamiyatli xatolar uchun notariuslar faoliyatini to‘xtatib turish amaliyotiga barham berish, birinchi marotaba yoki qo‘pol bo‘lmagan xatolar uchun notariuslarga jarima qo‘llash amaliyotini yo‘lga qo‘yishni taklif etamiz.
Biz korrupsiyadan xoli jamiyat yo‘lida xalqimiz bilan birgalikda kurashni davom ettirishimiz lozim. Maqsadimiz – davlat boshqaruvining barcha sohalarida, jumladan, sud tizimi va huquqni muhofaza qilish idoralari faoliyatida, ta’lim va sog‘liqni saqlash, qurilish va boshqa sohalarda korrupsiyani yo‘q qilishdir.
Aholi, xususan, yoshlar o‘rtasida korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish muhiti va madaniyatini shakllantirish, davlat organlari va mansabdor shaxslar faoliyatiga “Toza qo‘llar” siyosatini singdirish, qonun ustuvorligini ta’minlash choralarini ko‘ramiz.
Hukumat a’zosi bo‘lgan ijro etuvchi hokimiyat organi rahbari o‘zi rahbarlik qilayotgan sohaga ajratilgan mablag‘larni samarali va maqsadli ishlatish bo‘yicha birinchi navbatda o‘zi javob beradigan tizim joriy qilinishini qo‘llab-quvvatlaymiz.
Korrupsiyaga qarshi kurashish nafaqat davlat organlari va huquqni muhofaza etish tuzilmalarining vazifasi, balki butun jamiyatning burchi ekanligini e’tirof etib, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan mutlaqo murosasizlik madaniyatini shakllantirishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlarni ishlab chiqamiz va keng ommaga yetkazish borasida samarali targ‘ibot ishlarini tashkil qilamiz.
Asosiy shiorimiz – Adolatli kelajakni tanlaymiz!
Biz inson huquqlarini ta’minlash uchun yangi imkoniyatlarni ochish tarafdorimiz.
Biz parlamentarizm va parlament demokratiyasini yanada rivojlantirish yo‘lida quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirishni muhim deb bilamiz:
tadbirkorlik subyektlariga qo‘shimcha xarajatlar yuklaydigan barcha qoidalarni faqat qonunlar orqali qabul qilinishiga erishish;
qonunlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan mexanizmlar bilan qabul qilish, bu borada parlament qo‘mitalari ishini kuchaytirish;
parlament faoliyatida tadbirkorlik subyektlari ishiga aralashmaslik, ularga oid masalalarni ijro organlaridan talab qilish;
deputatlarning ish vaqtining yarmini albatta o‘z saylovchilari yonida o‘tkazishini belgilovchi tartibni joriy etish kerak, ular aholi bilan birga ishlasin;
parlament qo‘mitalarining raisi va rais o‘rinbosari bitta partiyadan bo‘lishini taqiqlash.
“Adolat” SDP mahalliy ijroiya hokimiyati organlari ustidan deputatlik nazoratini kuchaytirish orqali xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining rolini oshirish tarafdoridir.
Ushbu yo‘nalishda davlatda boshqaruv intizomini saqlab qolish maqsadida xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlari deputatlari hokimlarga nisbatan ishonchsizlik bildirish huquqiga ega bo‘lishi kerak.
Biz mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlarini to‘liq xatlovdan o‘tkazilib, takomillashtirilishi tarafdorimiz.
Mahalliy budjet mablag‘laridan samarali va oqilona foydalanishni ta’minlash uchun ushbu mablag‘lar hisobidan moliyalashtirilayotgan shtatlar sonini maqbullashtirish bo‘yicha tashabbuslarni ilgari suramiz.
Biz davlat boshqaruvida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, unda fuqarolar ishtirokini kengaytirishning zamonaviy va samarador usullarini joriy qilish tarafdorimiz.
Bu borada adolatli jamiyat va huquqiy davlat qurishning barcha jabhalarida qonunchilik va insonparvarlik tamoyillariga amal qilish uchun jamoatchilik nazoratini kuchaytirish katta ahamiyat kasb etadi. Bunday nazoratni tashkil qilishda partiya jamoatchilik va ijtimoiy tashkilotlar bilan yaqin hamkorlikda harakat qiladi.
Ma’lumki, davlat organlari tomonidan insonga nisbatan qo‘llaniladigan huquqiy ta’sir choralari mutanosiblik prinsipiga asoslanishi va qonunlarda nazarda tutilgan maqsadlarga erishish uchun yetarli bo‘lishi lozimligi Konstitutsiyamizning 20-moddasida muhim qoida sifatida alohida mustahkamlab qo‘yildi.
Biz u yoki bu huquqbuzarlikni jarimani yoki boshqa jazo miqdorini oshirish bilan emas, balki jazodan ko‘zlangan maqsadga erishilganligi va adolatli hal qilinganligi bilan oldini olish kerak, deb hisoblaymiz.
Konstitutsiyamizda hech kim sud qarorisiz 48 soatdan ortiq ushlab turilishi mumkin emasligi belgilandi va erkinlikni cheklashga faqat sud qarori asosida yo‘l qo‘yilishi haqidagi qoida mustahkamlandi.
Ayblanuvchiga o‘ziga qarshi ko‘rsatma bermaslik, ya’ni “sukut saqlash” huquqi birinchi marta alohida belgilab qo‘yildi. Advokatlar maqomi oshirilib, ularning tergovchi va prokuror bilan teng vakolatga ega ekanligi qayd etildi.
Biz Asosiy qonunimizga kiritilgan ushbu ilg‘or normalarni hayotimizga izchillik bilan tatbiq etamiz. Buning uchun sud-huquq idoralarining kadrlar salohiyatini yaxshilashga birlamchi e’tibor qaratamiz.
Ushbu yo‘nalishda, eng avvalo, tergovchi, prokuror, sudya, advokatlarning bilim va malakasini yuksaltirishga, aholining huquqiy madaniyatini oshirishga harakat qilamiz.
II. IJTIMOIY ADOLATNI VA MILLIY IQTISODIYoTIMIZNING BARQAROR O‘SIShINI TAЪMINLAYMIZ
Barcha sohalarda ijtimoiy adolatni qaror toptirish biz uchun muhim.
Biz an’anaviy sotsial-demokratiyaning ijtimoiy adolat tamoyili va keng ko‘lamli dasturlarning amalga oshirilishini ta’minlaydigan kuchli ijtimoiy davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlaymiz.
Mehnat qonunchiligi ustuvorligi, xodimlar huquqlari to‘la ta’minlanishi tarafdorimiz. Aholi bandligini ta’minlash, yangi ish o‘rinlarini yaratish, aholining real daromadlarini oshirishga alohida e’tibor qaratamiz.
Konstitutsiyamizga ko‘ra har bir inson uy-joyli bo‘lishga haqli. Ushbu konstitutsiyaviy qoidani ta’minlash uchun biz o‘z daromadi bilan uy-joyli bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan fuqarolar uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish choralarini ko‘ramiz.
Biz mamlakatimizda ishlayotgan yollanma va mavsumiy ishchilarga keng sharoitlar yaratib beramiz, ularning mehnati qadrlanishini va muhofaza qilinishini, mehnatiga yarasha haq olishini, mehnat stajiga qo‘shilishini va kelajakda munosib pensiya olishi bo‘yicha choralar ko‘ramiz.
Konstitutsiyamizning 46-moddasida pensiyalar, nafaqalar va boshqa turdagi ijtimoiy yordamning miqdorlari rasman belgilangan eng kam iste’mol xarajatlaridan kam bo‘lishi mumkin emasligi alohida belgilab qo‘yildi. Biz ushbu insonparvar normani hayotga to‘liq joriy qilish uchun barcha zarur chora-tadbirlarni amalga oshiramiz.
Aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash masalasi doimo diqqat-e’tiborimiz markazida bo‘ladi. Biz bu borada sohaga jalb qilinayotgan investitsiyalar hajmini keskin ko‘paytirish choralarini ko‘ramiz.
Fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish va bu yo‘nalishda tadbirkorlik subyektlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha “Ijtimoiy davlat – 2030" dasturini ishlab chiqish lozim, deb hisoblaymiz.
Davlatning iqtisodiy faoliyati natijasida yuzaga kelgan daromadni adolatli taqsimlashni ta’minlaydigan huquqiy mexanizmlarni ishlab chiqish birlamchi vazifamizdir.
Biz hududlar o‘rtasidagi iqtisodiy bir xil o‘sishni ta’minlash, tuman va shaharlarni bir maromda rivojlantirish tarafdorimiz.
Subsidiyalar berish tizimini takomillashtiramiz va maqsadli ishlatilishi ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytiramiz. Agar maqsadsiz ishlatilsa albatta subsidiya davlatga qaytarilishi shart.
Ijtimoiy obyektlar va eng muhim strategik obyektlarda davlat mulkini saqlab qolish tarafdorimiz, lekin bunda fuqarolarga tanlov imkoniyatini beradigan xususiy sektor ham rivojlantirilishi kerak. Shundagina ijtimoiy adolatni ta’minlagan bo‘lamiz.
Konstitutsiyamizning 67-moddasida monopol faoliyat qonun bilan tartibga solinishi va cheklanishi alohida belgilab qo‘yilganligi bejiz emas, albatta. Zero, iqtisodiyot faqat erkin raqobat muhitidagina rivoj topadi.
Biz bojxona va soliq imtiyozlarini takomillashtirish hamda imtiyozlarni aniq sohalarga berish tarafdorimiz.
Buyurtmachi va yetkazib beruvchi o‘rtasida tuziladigan shartnomani chinakam huquqiy vositaga aylantiramiz va bu jarayonga hokimiyatning aralashuviga chek qo‘yamiz. Har qanday nizo sud qarori bilan yechim topishiga ustuvorlik beramiz.
Biz mahsulot sifatini qat’iy davlat nazoratiga olamiz, standartlarni takomillashtirib, sifatsiz mahsulot ishlab chiqarish hamda narx-navolarni sun’iy ko‘tarishga qaratilgan xatti-harakatlar uchun kuchaytirilgan jazo choralarini qo‘llaymiz.
Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasidagi boshqaruv kompaniyalari faoliyatini takomillashtiramiz.
Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini ilmiy asosda tashkil etish, fan va amaliyotning o‘zaro uyg‘unligini ta’minlash yaqin kelajakda O‘zbekistonning agrar sohadagi ulkan imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishda, qishloq iqtisodiyotini innovatsion rivojlantirishda, kambag‘allik muammolarini hal etishda ijobiy natijalar beradi, deb hisoblaymiz.
Bugungi kunda qishloq xo‘jaligi sohasida ob-havoning keskin o‘zgarishi, suv tanqisligi, yer sho‘rlanishi kabi xatarlar ortib bormoqda. Bu esa qishloq xo‘jaligida faoliyat olib borayotgan tadbirkorlar hamda jismoniy shaxslarni katta muammolaridan biriga aylanmoqda.
Shu bois, biz qishloq xo‘jaligida davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash ko‘lamini kengaytirish va sug‘urtalashning yangi mexanizmlarini amalga oshirish tarafdorimiz. Bu borada qishloq xo‘jaligida sug‘urtalash tizimining huquqiy asoslarini takomillashtirish, jumladan “Qishloq xo‘jaligi tavakkalchiliklarini sug‘urtalash to‘g‘risida”gi qonunini qabul qilishni taklif qilamiz.
Tadbirkorlarni kreditlashda foiz stavkalari tijorat stavkasida, ya’ni imtiyozli bo‘lmasa, ularni maqsadsiz ishlatilgan deb, javobgarlikka tortish amaliyotiga barham berish choralarini ko‘ramiz.
Biz sanoatni rivojlantirish tarafdorimiz!
Sanoat elektr energiyasisiz bo‘lmaydi. Buning uchun nafaqat atom energetikasi, balki muqobil elektr manbalaridan kengroq foydalanish choralarini ko‘ramiz.
Partiyamiz ancha yillardan buyon muqobil energiya manbalari va resurs tejamkor texnologiyalardan foydalanishni ilgari surib keladi. Bizningcha, bu jarayon rag‘batlantirilishi, zarur hollarda muqobil energiya manbalari kam ta’minlangan aholi qatlamlariga davlat hisobidan imtiyozli berilishi zarur.
Biz sanoat ishlab chiqarishning va umuman, milliy iqtisodiyotning qon tomiri hisoblanmish yo‘l infratuzilmasini yaxshilashga, mavjud yo‘llarni ta’mirlashga birlamchi e’tibor qaratamiz.
Yo‘lsozlik sohasida bajarilayotgan ishlarning sifati ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytiramiz. Bu sohada ilmiy tadqiqotlarimiz yutuqlaridan keng foydalanish, olimlarimizni rag‘batlantirish zarur.
Biz iqtisodiyotni inson manfaatlarini hisobga olgan holda modernizatsiya qilish bo‘yicha kompleks choralar ko‘ramiz. Jumladan, “Raqamli iqtisodiyotda aholi bandligini ta’minlash – 2030" dasturini ishlab chiqishni taklif qilamiz.
Mamlakatning sanoat salohiyatini oshirish va hududlarni izchil rivojlantirishda kichik sanoat zonalari, iqtisodiy va sanoat klasterlarining muhimligini inobatga olib, biz ushbu sohaning tashkiliy-huquqiy asoslarini yanada mustahkamlashga harakat qilamiz. Bu borada, ayniqsa, “Kichik sanoat zonalari to‘g‘risida” qonun qabul qilish muhim ahamiyat kasb etadi.
Biz adolatli va samarali soliq hamda budjet siyosatini amalga oshirish tarafdorimiz.
Shuningdek, ijtimoiy tenglik o‘rnatish maqsadida jismoniy shaxslar daromadlariga progressiv soliqlarni joriy etish tarafdorimiz.
Biz davlat budjeti daromadlari va xarajatlarining shaffofligini ta’minlash, bunda barcha jarayonlarni raqamlashtirish bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni amalga oshiramiz.
III. ILM-FAN, INNOVATSIYaLAR VA TAЪLIM SOHASINING BARQAROR RIVOJI – TARAQQIYoTIMIZ KAFOLATI
Biz ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirish orqali
fan – ta’lim – ishlab chiqarish tizimlarining uzviy aloqadorligini ta’minlaymiz.
fan – ta’lim – ishlab chiqarish tizimlarining uzviy aloqadorligini ta’minlaymiz.
Adolatli jamiyat va huquqiy davlat barpo etishda ta’lim, ilm-fan va innovatsiyaning ahamiyatini oshirish choralarini ko‘ramiz.
Biz nafaqat olimlarni, balki ixtiro va ixtirochilarni ham qo‘llab-quvvatlaymiz, rag‘batlantiramiz va ularga zarur shart-sharoitlar yaratamiz.
Shuningdek, intellektual mulk obyektlarini himoya qilish, mualliflik huquqlari buzilishi holatlariga nisbatan davlat va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, iqtisodiyotning haqiqiy lokomotivi bo‘lgan injener, texnolog, agronom-mexanizator kabi mutaxassislarning sonini ko‘paytirish va malakasini oshirish hamda qayta tayyorlash choralarini ko‘ramiz.
Mamlakatimizda ilmiy tadqiqotlardan olingan ijobiy natijalarni tibbiyot va sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat xavfsizligi va biotexnologiyalar, gidrologiya va suv muammolari, energetika, muqobil energiya manbalari va resurs tejamkor texnologiyalar, ekologiya va atrof-muhit muhofazasi kabi sohalarga joriy qilish ishlarini izchillik bilan olib borish orqali davlatning iqtisodiy qudratini yanada mustahkamlaymiz.
Afsuski, iqtisodiyotning real sektorida ilmiy va innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirish darajasi, ilm-fan, ta’lim va sanoat o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari nisbatan past bo‘lib qolmoqda.
Shu bois, biz mamlakatimizda innovatsion rivojlanishni jadallashtirish, iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida innovatsiyalar va texnologiyalarni keng tatbiq qilish, inson kapitalini, ilm-fan va innovatsiya sohalarini rivojlantirish yo‘lidan boramiz.
Hozirgi kunda rivojlangan davlat maqomiga yetishish uchun aholining bilim saviyasini oshirish va dunyoqarashini talab darajasida shakllantirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu bois, ta’limga investitsiya kiritish – xalq farovonligi, davlatning raqobatdoshligini ta’minlashning muhim omili demakdir.
Bolalarni maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qamrovini kengaytirish orqali ushbu tashkilotlardagi mavjud navbatlarni kamaytirish choralarini ko‘rish lozim, deb hisoblaymiz.
Bog‘chalarda jamoatchilik nazoratini kuchaytirishimiz zarur. Ayniqsa, maktabgacha va maktab ta’limi mamlakat kelajagi uchun hal qiluvchi ahamiyatga egaligidan kelib chiqib, barcha bog‘cha va maktablarga xodimlarni ishga olishni ochiq, shaffof tanlov asosida tashkil qilishni yo‘lga qo‘yamiz.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 52-moddasida davlat o‘qituvchilarning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy jihatdan farovonligi, kasbiy jihatdan o‘sishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilishi haqidagi norma o‘z aksini topdi.
Biz uchun o‘qituvchining obro‘-e’tibori – bu avvalo millatning, butun xalqning obro‘-e’tiboridir. Shu bois, biz pedagog xodimlarning obro‘-e’tiborini oshirish hamda yuksak maqomini belgilash orqali ularning jamiyat hayotidagi rolini oshirishga qaratilgan tashkiliy choralarni ko‘ramiz. Bu maqsadda o‘qituvchining maqomiga oid qonunni tezroq qabul qilinishini ustuvor masala sifatida ko‘ramiz.
Ta’lim sohasida ilg‘or davlatlar tajribasi va milliy qadriyatlarimizga tayangan holda maktablarda ta’lim berishning amaldagi standartlarini takomillashtiramiz.
Biz maktab ta’limini xalqaro ta’lim dasturlari asosida izchil isloh qilish tarafdorimiz.
Jamiyatdagi ijtimoiy mavqeyidan qat’iy nazar, har bir insonga oliy ma’lumot olish imkoniyatini kengaytirish choralarini ko‘ramiz. Markazdan uzoq qishloqlarda yashab, a’lo baholar bilan o‘qigan, ota-ona qaramog‘isiz qolgan, kam ta’minlangan iqtidorli yoshlarning davlat hisobidan oliy ta’lim olishini kafolatlaymiz.
Shuningdek, 2025-yildan boshlab bakalavriatga kirish uchun ingliz tilini bilish bo‘yicha milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘lish tartibini joriy etish choralarini ko‘ramiz.
Bu orqali talabalarda jahon ta’limi va ilm faniga to‘siqlarsiz qo‘shilish imkoniyati yaratiladi.
Yuqori malakali ilmiy kadrlar tayyorlash maqsadida doktoranturani isloh qilamiz, doktoranturada ilmiy tadqiqot metodlari, ilmiy maqola yozish bo‘yicha kurslarni kiritamiz, dissertatsiya himoya qilishda nufuzli ilmiy bazalarda ilmiy tadqiqotlar natijalarini chop etish talabini joriy qilamiz.
IV. AHOLI SALOMATLIGI ULKAN BOYLIK, JAMIYaT BARQAROR RIVOJLANIShI GAROVIDIR
Biz aholiga kafolatli tibbiy xizmat ko‘rsatish, zamonaviy texnologiya va davolash usullarini keng joriy qilishni davom ettirish tarafdorimiz.
Dunyoning eng ilg‘or sog‘liqni saqlash tizimlari (Tayvan, Janubiy Koreya, Yaponiya, Fransiya, Daniya, Isroil, Germaniya
va boshqalar) tajribasidan kelib chiqib, tibbiyot sohasini yanada isloh qilamiz.
va boshqalar) tajribasidan kelib chiqib, tibbiyot sohasini yanada isloh qilamiz.
Jumladan, “aqlli tibbiyot” tizimini shakllantirishning huquqiy asoslarini ishlab chiqib, tibbiyot sohasiga zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etishni kengaytirish tarafdorimiz.
Shu bilan birga, sog‘liqni saqlash tizimini ijtimoiy davlat tamoyiliga muvofiqlashtirgan holda “O‘zbekiston Respublikasining Sog‘liqni saqlash kodeksi” loyihasini yanada takomillashtirish, unda, sog‘liqni saqlash sohasida inson huquqlariga rioya qilish, aholining barcha qatlamlari tibbiy yordamdan bahramand bo‘lishini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratish lozim, deb hisoblaymiz.
Ayniqsa, nodavlat tibbiyot tashkilotlarini tijorat tashkilotidan notijorat tashkilotiga o‘tkazish bo‘yicha amaliy choralarni ko‘ramiz. Tibbiyot daromad olish manbaiga aylanmasligi tarafdorimiz.
Biz tibbiyot xodimlarining maqomini qonun bilan belgilaymiz, ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish va ularga nisbatan turli tazyiqlarning oldini olish maqsadida qonunchiligimizni yanada takomillashtiramiz.
Tibbiyot sohasida malaka oshirishning markazlashgan tizimini qayta ko‘rib chiqishni, malaka oshirishni ixtisoslashgan markazlarda va viloyatlarda tashkil etishni taklif etamiz.
Shuningdek, reproduktiv salomatlik masalasi, onkologiya, sil, qand kasalliklarining oldini olish va davlat hisobidan davolash alohida diqqat-e’tiborimizda bo‘ladi.
Biz onalik va bolalikni muhofaza qilishga alohida e’tibor qaratamiz. Onalar va bolalar o‘limini, bolalarning nuqsonli tug‘ilishini oldini olish borasidagi ishlarni takomillashtiramiz.
Biz, aholi, ayniqsa yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini yanada ommalashtirishga, jismoniy-tarbiya va sportni rivojlantirishga birlamchi vazifa sifatida e’tibor qaratamiz.
Bunda har bir fuqarolar yig‘ini hududida sport bilan shug‘ullanish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish muhim ahamiyat kasb etadi.
Davlat hisobidan ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlar va dori vositalari ro‘yxatini takomillashtirish, ijtimoiy dorixonalarni rivojlantirish, og‘ir kasalliklarni davlat tomonidan davolashni kengaytirishni qo‘llab-quvvatlaymiz.
Farmatsevtika va tibbiyot xodimlari orasidagi yashirin kelishuvlar ortidan bemorlarga haddan ziyod dorilar sotib olishga undash avjiga chiqib ketganligi barchamizni tashvishga solmoqda.
Afsuski, O‘zbekiston antibiotiklar iste’moli bo‘yicha jahonda yetakchi o‘rinlarga chiqib ketdi. Tibbiyot muassasalaridagi ko‘plab faoliyatga ochiqchasiga farmatsevtika tashkilotlari tomonidan homiylik qilinadi. Bunga chek qo‘yish vaqti keldi. Millat sog‘ligi va genofondi ham shu masalalarga bog‘liq.
Tibbiyot sohasidagi bunday munosabatlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri korrupsiya sifatida baholanishi lozim. Tibbiyotchilar va farmatsevtlar o‘rtasida noqonuniy muloqot to‘liq taqiqlanishi kerak, bunday muloqotlar va sovg‘alar uchun jazo muqarrar bo‘lishi, yangi dorilar va davolash uslublari faqat vazirlik tomonidan tushuntirilishi lozim. Umuman, tibbiyot sohasidagi davlat xaridlari bo‘yicha alohida tartib belgilash tarafdorimiz.
Shunday qilsak, dorilarning yagona elektron bazasini yanada takomillashtirish orqali dori-darmonlarning noqonuniy aylanmasiga, farmatsevtika va tibbiyot xodimlari o‘rtasidagi yashirin kelishuvlarga hamda dorilar narxining asossiz oshirilishiga chek qo‘ysa bo‘ladi, deb hisoblaymiz.
Bizning sog‘liqni saqlash sohasidagi ustuvor maqsadlarimizdan yana biri qishloqda va ta’lim tizimida tibbiy xizmatni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishdir.
V. FUQAROLIK JAMIYaTI – DEMOKRATIK TARAQQIYoT ASOSI
O‘zbekistonda ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash vazifasi davlat, hokimiyat, biznes va fuqarolik jamiyati institutlari – jamoat birlashmalari, siyosiy partiyalar, OAV, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari sa’y-harakatlarini birlashtirishni talab etadi.
Biz ijtimoiy taraqqiyot dasturlarini keng jamoatchilik ishtirokida ekspertizadan o‘tkazish, birinchi navbatda tuman va shaharlar miqyosida jamoatchilik nazoratini kuchaytirish yuzasidan chora-tadbirlarni amalga oshirish tarafdorimiz.
Shu bilan birga, biz ijtimoiy ahamiyatga molik, fuqarolik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlaymiz, nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyati uchun yanada qulay sharoitlar yaratish hamda homiylik faoliyatini kuchaytirish tarafdorimiz.
Nodavlat-notijorat tashkilotlarining sog‘liqni saqlash, ta’lim, atrof-muhitni muhofaza qilish sohalarida muammolarni hal qilishdagi faol ishtiroki bizning doimiy diqqat-e’tiborimiz markazida bo‘ladi.
Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, aholining ma’naviy yuksalishi va moddiy farovonligi ortishi uchun biz o‘zini o‘zi boshqarish organlari tizimining, jumladan mahallalarning taraqqiy etishi tarafdorimiz.
Biz davlat hokimiyatining qator vakolatlarini mahallaga o‘tkazish tarafdorimiz. Bu borada mahalla tizimining huquqiy asoslarini yanada takomillashtiramiz.
OAV mustaqilligi va erkinligi, jurnalistning erkin faoliyat yuritishi uchun zarur shart-sharoitlarni yanada kengaytirish muhim vazifalarimizdan biridir.
Olib borilayotgan ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy islohotlarning ochiq va oshkoraligini ta’minlashda OAVning faolligini oshirish, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini, hokimiyat va jamoatchilikning izchil aloqasini ta’minlashda uning rolini kuchaytirish, moddiy-texnik bazasini yangilash, uni texnologik modernizatsiya qilish, jurnalist kasbi nufuzini oshirish, soha xodimlarining mehnatini moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish masalalari doimiy diqqat-e’tiborimiz markazida bo‘ladi.
Ma’lumki, Konstitutsiyada O‘zbekiston dunyoviy davlat deb e’lon qilindi. Biz ushbu konstitutsiyaviy tamoyilni amalda to‘liq ro‘yobga chiqarish yo‘lidan boramiz.
Ta’kidlash joizki, qadimiy va saxovatli zaminimizda ko‘p asrlar davomida turli millat va elat, madaniyat va din vakillari tinch-totuv yashab kelmoqda. Mustaqillik yillarida mamlakatimizda barcha fuqarolarning madaniy va diniy o‘ziga xosligini ta’minlashga, turli-tuman madaniyatlar hamda tillarni saqlash va rivojlantirishga qaratilgan muhim qonun hujjatlari qabul qilindi. Millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik munosabatlarini saqlashga imkon beradigan o‘ziga xos model yaratildi.
Biz bundan buyon ham millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash masalalariga katta e’tibor qaratamiz. Maqsadimiz – mamlakatimizda asrlardan buyon yonma-yon, bir yoqadan bosh chiqarib yashab kelgan turli millat va elatlarning xilma-xilligini mushtarak holda saqlash va rivojlantirishdan iborat.
Zero, tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va gumanitar sohalardagi o‘zgarishlarning barqaror rivojlanishi va muvaffaqiyatli amalga oshirilishi xalqaro maydonda mamlakatimiz nufuzi yuksalishining muhim omilidir.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida fuqarolik jamiyati institutlariga bag‘ishlab alohida bob kiritilganligi ayni muddaodir. Shu bilan birga, amaldagi qonunchiligimizda fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatini tartibga soluvchi qonun hujjatlari alohida va tarqoq holda bo‘lib, amaldagi normalarni yangi konstitutsiyaviy qoidalar asosida takomillashtirish hamda fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatining kafolatlarini yanada kuchaytirish muhim vazifalardan biridir.
Shu nuqtayi nazardan, fuqarolik jamiyati institutlari sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi qonun hujjatlarini takomillashtirish, fuqarolik jamiyati institutlari faoliyati kafolatlarini yanada mustahkamlash, ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash hamda davlat va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishning huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratamiz.
VI. EKOLOGIYa – ATROFIMIZDAGI OLAMNI HIMOYa QILAMIZ!
Ekologik muammolarni hal etishda biz o‘z sa’y-harakatlarimizni, birinchi navbatda, ushbu muammolarning iqtisodiy jihatlariga qaratamiz. Barcha ekologik muammolarni va u bilan bog‘liq fuqarolar salomatligini himoya qilish masalalarini faqat davlat budjetiga yuklash to‘g‘ri bo‘lmaydi. Biz “Ekologiyani ifloslantiruvchi — kompensatsiya to‘lashi lozim” degan prinsip tarafdorimiz.
Biz bu kabi tadbirlarni amalga oshirishda fuqarolik jamiyati institutlari, xususan, ekologik jamoat birlashmalari bilan nafaqat umummilliy miqyosda, balki muayan hudud sharoitlarida atrof-muhit ifloslanishi, aholi salomatligini himoya qilish bilan bog‘liq qonunchilikdagi kamchiliklarni aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha yaqindan hamkorlikni yo‘lga qo‘yamiz.
Biz daraxtlarning noqonuniy kesilishiga qarshi ayovsiz kurash olib boramiz. Shaharlarimizdagi barcha qurilishlar amaldagi qonunchilikka muvofiq holda olib borilishi bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rish zarur.
Bunda Konstitutsiyamizning 49-moddasiga kiritilgan shaharsozlik hujjatlarining loyihalari qonunda belgilangan tartibda jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilishi lozimligi haqidagi normani hayotimizga to‘liq tatbiq etamiz.
Mamlakatimizdagi 21 million gektardan ziyod yaylov yerlari mavjud bo‘lib, ular chorvachilik, ipakchilik, asalarichilik kabi ko‘plab tarmoqlar uchun muhim manba hisoblanadi.
Shu bois, biz yaylov yerlaridan unumli foydalanish choralarini ko‘ramiz. Buning uchun, birinchi navbatda, yangi tahrirdagi “Yaylovlar to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqishni taklif qilamiz. Bizningcha, shu yo‘l orqali ko‘plab iqtisodiy loyihalarga keng yo‘l ochiladi.
O‘zbekistonda “Qizil kitob”ga kiritilgan hayvonlarni asrash kelgusida birlamchi vazifamiz bo‘lib qoladi. O‘zbekiston flora va fauna dunyosiga juda boy davlat, o‘simlik va jonivorlarning qator turlari asta-sekin yo‘qolib bormoqda, shu bois, biz tabiatni muhofaza qilish sohasida amalga oshirilayotgan ishlarga alohida e’tibor qaratamiz.
Bu borada, ayniqsa, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirishni dolzarb vazifa, deb bilamiz. Chotqol biosfera, Zomin, Surxon, Nurota va Qizilqum davlat qo‘riqxonalari, shuningdek, Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervatining moddiy-texnik bazasini yanada yaxshilaymiz.
Shu bois, biz ushbu sohadagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlarini belgilab beruvchi, yovvoyi hayvonlar holatini samarali monitoring qilish imkonini beruvchi, ovchilar va ovchilik xo‘jaliklarining huquq va majburiyatlarini to‘liq aks ettiruvchi qonun hujjatlari qabul qilinishini muhim vazifa, deb bilamiz.
VII. AYoL – MUQADDAS, OILA – JAMIYaT ASOSI
Ayollarimizning oilada tutgan o‘rni beqiyosdir. Zero, oqila ayollar o‘z mehri bilan oiladagi ijobiy muhitni, qolaversa butun jamiyatdagi muvozanatni saqlab turadilar.
Adolatli jamiyat va huquqiy davlat qurish jarayonida ayollar va erkaklarning teng huquqliligini ta’minlash, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularning turli soha va tarmoqlarda o‘z qobiliyat va imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishi uchun shart-sharoitlar yaratish, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini so‘zsiz ta’minlash, onalik, otalik va bolalikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga oid qonun hujjatlarini ishlab chiqish va takomillashtirish faoliyatimizning ustuvor yo‘nalishidir.
Xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, mehnat sharoitlarini yaxshilash, ayniqsa, qishloq joylaridagi xotin-qizlarni oilaviy va xususiy tadbirkorlikka, hunarmandchilikka keng jalb etishga alohida e’tibor qaratamiz.
Biz xotin-qizlar faolligi va rolini oshirishda bardavom bo‘lib, barcha bo‘g‘indagi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarida xotin-qizlar vakillarini ko‘paytiramiz.
Ayollarga nisbatan oilaviy zo‘ravonlikka qarshi qabul qilingan qonunlarning so‘zsiz ijrosini ta’minlaymiz. Bu borada alohida dasturlar ishlab chiqamiz va amalga oshiramiz.
Konstitutsiyamizda oila institutiga alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan, oila jamiyatning asosiy bo‘g‘ini hamda jamiyat va davlat muhofazasida ekanligi, davlat oilaning to‘laqonli rivojlanishi uchun ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy va boshqa shart-sharoitlar yaratishi, onalik, otalik va bolalik davlat tomonidan muhofaza qilinishi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi oilani qo‘llab-quvvatlash, mustahkamlash va himoya qilish, an’anaviy oilaviy qadriyatlarni saqlash bo‘yicha choralar ko‘rishi alohida belgilandi.
Biz ushbu hayotbaxsh konstitutsiyaviy normalardan kelib chiqqan holda, “Onalik, otalik va bolalikni davlat muhofazasi to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilish tashabbusini ilgari suramiz.
Bu esa, o‘z navbatida, oila institutini mustahkamlashni yangi konstitutsiyaviy normalar asosida qayta ko‘rib chiqishni hamda takomillashtirishni taqozo etmoqda.
Biz oilalarda teng huquqli va adolatli munosabatni, ma’naviy-axloqiy muhitni mustahkamlash va sog‘lomlashtirishning samarali mexanizmlarini yaratishga asosiy e’tiborimizni qaratamiz.
Eng avvalo, oilalar ajralishining oldini olish choralarini ko‘ramiz. Oila institutini mustahkamlash bo‘yicha milliy indekslarni ishlab chiqamiz.
Reproduktiv salomatlik va demografik rivojlanishni barqaror ta’minlash maqsadida, “Sog‘lom oila – sog‘lom jamiyat 2030" dasturini ishlab chiqamiz va amalga oshiramiz.
VIII. YuKSAK MAЪNAVIYaTLI JAMIYaT BARPO ETAMIZ
Har qanday jamiyat mustahkam ma’naviy poydevorga ega bo‘lgandagina taraqqiyotga erisha oladi.
Adolat va ma’naviyat o‘zaro bog‘liq, egiz tushunchalardir. Ma’naviyat bo‘lmagan joyda adolat ham bo‘lmaydi.
Huquqiy madaniyatni ma’naviyatning asosi deb bilamiz, shu bois, jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish maqsadida Konstitutsiyani bog‘chadan boshlab, yoshlar ongiga singdirish tizimini joriy qilamiz.
Ma’naviy tarbiyaning ustuvorligini ta’minlash uchun davlat barcha madaniy, tarixiy yodgorliklarni va tabiat yodgorliklarini ro‘yxatdan o‘tkazishi va saqlashi, ularga mablag‘ ajratishi shart, deb hisoblaymiz.
Biz O‘zbekistonda adolatli jamiyat va davlat barpo etish jarayonlari, bunyodkor xalqimiz hamjihatligini mustahkamlash, yoshlarni ona yurtga sadoqat ruhida tarbiyalash, ularda tashabbuskorlik, fidoyilik, axloqiy fazilatlarni shakllantirish, xalqimiz, yoshlarimizning ruhiy dunyosini izdan chiqarishga qaratilgan turli buzg‘unchi kuchlar, ma’naviy tahdidlar, axborot xurujlarining oldini olishning qonuniy asoslarini yaratishni o‘zimizning bosh maqsadimiz, deb bilamiz.
IX. TINChLIKSEVAR, ADOLATLI VA PROGRESSIV TAShQI SIYoSAT TARAFDORIMIZ
Konstitutsiyamizning 18-moddasida O‘zbekiston Respublikasi xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan ikki va ko‘p tomonlama munosabatlarni har taraflama rivojlantirishga qaratilgan tashqi siyosatni amalga oshirishi belgilandi.
Biz ushbu progressiv normadan kelib chiqqan holda O‘zbekistonning dunyo hamjamiyatiga integratsiyasini yanada chuqurlashtirish, uzoq va yaqin xorijiy mamlakatlar bilan ikki tomonlama manfaatli aloqalarni mustahkamlash, xalqaro tashkilotlar faoliyatida ishtirokini yanada kengaytirishni dolzarb vazifa, deb bilamiz.
Ayniqsa, Markaziy Osiyoni amalda barqaror, har tomonlama rivojlangan va yaxshi qo‘shnichilik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan dinamik – mintaqaga aylantirish, qo‘shni mamlakatlar bilan savdo iqtisodiy, transport-kommunikatsiyaviy, madaniy-gumanitar, ilmiy-texnikaviy sohalarda aloqalarni yanada chuqurlashtirish bo‘yicha ishlarni davom ettiramiz.
Muxtasar aytganda, Markaziy Osiyo mintaqasi keyingi yillarda ham O‘zbekiston tashqi siyosiy faoliyatining asosiy ustuvor yo‘nalishi bo‘lib qoladi. Zero, mamlakatimizning taqdiri mintaqadagi qo‘shni mamlakatlar taqdiri bilan chambarchas bog‘liqdir.
Biz mamlakatimizning tub milliy manfaatlaridan kelib chiqqan holda yaqin va uzoq xorij davlatlari bilan o‘zaro manfaatli aloqalarini yanada mustahkamlashni o‘z oldimizga maqsad qilib olganmiz.
Ayniqsa, ilg‘or taraqqiy etgan mamlakatlar bilan yuqori texnologiyalar, zamonaviy innovatsiyalar, investitsiyalar sohasida hamkorlik qilish muhim ahamiyatga ega, deb hisoblaymiz.
Shuningdek, BMTning Barqaror rivojlanish dasturi doirasidagi ijtimoiy va gumanitar loyihalarni amalga oshirishda o‘zaro manfaatli xalqaro hamkorlikni rivojlantirishni ustuvor vazifalarimizdan biri, deb hisoblaymiz. BMT va uning ixtisoslashgan institutlari bilan hamkorlikni kengaytirish va ijtimoiy sohaga doir dasturlarni hamkorlikda amalga oshirishda faol ishtirok etishni qo‘llab-quvvatlaymiz.
Biz mamlakatimizning Jahon savdo tashkilotiga a’zoligini jadallashtirish yo‘lidan boramiz. Nega deganda, aynan JSTga a’zolik milliy iqtisodiyotimizda tarkibiy o‘zgarishlarni tezlashtirish, uning raqobatbardoshligini oshirish, Tashkilotga a’zo mamlakatlar bilan barqaror savdo munosabatlarni o‘rnatish imkonini beradi.
Bir so‘z bilan aytganda, biz dunyoda kechayotgan murakkab jarayonlar, yaqin-uzoq mintaqalarda kuzatilayotgan ziddiyat va to‘qnashuvlarni teran anglagan holda yurtimizda tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash borasidagi ishlarni yanada jadallashtirish tarafdorimiz.
“Adolat” SDP nomzodi o‘z oldiga yuqorida qayd etilgan olijanob va ezgu maqsad-vazifalarni belgilab olgan. Ular adolatli jamiyat va huquqiy davlat qurishda – ijtimoiy islohotlarning samaradorligini ta’minlash, mehnatkash xalqimiz uchun munosib farovon hayotni barpo etish, mamlakatimizda barqarorlikka va ijtimoiy adolat ustuvorligiga erishishga qaratilgandir.
Hayotda ijtimoiy adolatni o‘rnatish, albatta, ko‘pdan-ko‘p omillarga bog‘liq. Saylovchilarning faol ishtiroki va xohish-istagi asosida biz mamlakatimizda keyingi 7-yil mobaynida ularni hayotga tatbiq eta olamiz.
Ishonamizki, partiyaning bunday ulug‘vor maqsadlari saylovchilar tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi!
Saylovda partiyamiz ko‘rsatgan nomzod qo‘llab-quvvatlansa, aziz yurtdoshlarimizning tinch va farovon hayoti uchun, belgilangan vazifalarni ro‘yobga chiqarish uchun bor kuch-g‘ayratimizni safarbar qilamiz!
O‘zbekiston – bizning umumiy uyimiz. Shunday ekan, uning har bir fuqarosi erkinlik va adolat, tinchlik va farovonlikda yashashga haqlidir!
Adolatli jamiyat va huquqiy davlatni birgalikda quramiz!