TOShKENT, 21-iyun — Sputnik. Xorijdagi o‘zbek diplomatlari ipak mahsulotlari eksport hajmini oshirishga yordam bermoqchi, deya xabar berdi "O‘zbekipaksanoat" uyushmasi.
Uyushma O‘zbekistonning Xitoy va Turkiya davlatlaridagi elchixona hamda konsullik vakillari ishtirokida uchrashuv o‘tkazdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekistonning Xitoy va Turkiya davlatlaridagi elchixona hamda konsulliklari ko‘magida shu yilning o‘zida ipak mahsulotlari eksport hajmini 110 mln dollarga yetkazish maqsad qilingan.
O‘zbekistonning Xitoydagi elchisining so‘zlariga ko‘ra, o‘zbek ipak mahsulotlariga Xitoy bozorida talab yuqori. Shundan kelib chiqib, kadrlar malakasini oshirish maqsadida o‘quv seminarlari, yirik masshtabga ega ipakchilik ko‘rgazmalarini tashkil etish orqali yangi hamkorlar hamda yangi investitsion loyihalarni tizimga jalb etish choralari bo‘yicha o‘z takliflarini bildirib o‘tdi.
O‘zbekistonning Istanbuldagi bosh konsuli qayd etishicha, Bursa viloyatida ipak paviloni mavjud hamda mazkur pavilonda har ikki davlat tadbirkorlari uchun manfaatli bo‘lgan ipakchilik ko‘rgazmasini tashkil etish kerak.
“Bu orqali o‘zbek ipak mahsulotlariga yangi haridorlar topib, uni Turkiya davlatiga eksport ko‘lamini oshirish hamda qoshma loyihalarni amalga oshirish uchun yangi investorlarni jalb etishga erishish mumkin”, - deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda 5-6 yil oldin ipak mahsulotlari eksportida qariyb 20 mln dollarga yaqin tushumlar bo‘lgan bo‘lsa, mazkur ko‘rsatkich 2022-yilda 100 mln dollarga yetkazilgan.