TOShKENT, 20-iyun — Sputnik. Toshkent viloyati Zangiota tumanida 14 yoshli qiz o‘z ehtiyotsizligi oqibatida yashash xonadonidagi quduqqa tushib ketdi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Hodisa haqidagi xabar tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limiga bugun, 20-iyun kuni, soat 07:15 da kelib tushgan.
Zudlik bilan FVV qutqaruvchilari aytilgan manzilga yetib borib, qizni quduq ichidan olib chiqqan. Quduq chuqurligi 9 metr bo‘lgan.
Qayd etilishicha, qiz turli darajada tan jarohati olgan. Shu bois unga malakali tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida Respublika shoshilinch tez-tibbiy yordam ilmiy markaziga yotqizilgan.
Hozir qizning umumiy ahvoli yaxshi va shifokorlar nazorati ostida, deya aniqlik kiritgan vazirlik.