TOShKENT, 20-iyun — Sputnik. O‘zbekistonda sudning qarori, ajrimi ustidan shikoyat berish masalasida yangi institut – sud ishlarini taftish tartibida ko‘rib chiqish amaliyoti joriy etiladi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar buni nazarda tutuvchi hujjatni qabul qilishdi.
Qonun loyihasi bilan O‘zbekistonning Fuqarolik protsessual, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi, Iqtisodiy protsessual, Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodekslarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Xususan, sudning qarori, ajrimi ustidan shikoyat berish masalasida yangi institut – sud ishlarini taftish tartibida ko‘rib chiqish amaliyoti joriy etilmoqda.
“Ya’ni qonun loyihalari bilan tumanlararo, tuman, shahar sudlari tomonidan birinchi instansiyada ko‘rilgan ishlarni viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarda appellyatsiya yoki kassatsiya tartibida qayta ko‘rib chiqish vakolati berilyapti”, - deyilgan xabarda.
Ta’kidlanishicha, bu tartib amalga oshishi bilan odil sudlovga erishishning imkoniyatlari yanada kengayib, aholining sudma-sud ovora bo‘lib yurishiga barham beriladi.
Bunda birinchi instansiya sudining qaror yoki ajrimidan norozi taraflar viloyat sudiga apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida shikoyat qilib, ularning ham natijasidan qoniqmasa, ushbu ish mazkur sudlarda taftish tartibida ko‘rib chiqiladi.
Sud qaroridan yana norozi bo‘lingan taqdirda viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar tomonidan taftish tartibida ko‘rib chiqilgan ishlar Oliy sudning sudlov hay’atlarida qayta ko‘rib chiqiladi.