O‘zbekistonda OTMga o‘qishga topshirishda qanday hujjatlar kerak bo‘ladi — ro‘yxat

Abituriyentlarning hujjat topshirish jarayoni 20-iyundan 20-iyulga qadar davom etadi.
Sputnik
TOShKENT, 20-iyun — Sputnik. O‘zbekistonda oliy o‘quv yurtlariga bu yilgi qabul uchun abituriyentlarning hujjat topshirish jarayoni 20-iyundan 20-iyulga qadar (shu kuni ham) davom etadi. Kasbiy (ijodiy) imtihon topshiruvchi abituriyentlar esa 10-iyulgacha hujjat topshirib bo‘lishi kerak.
Abituriyentlar hujjatlarni qabul qilish bo‘yicha Davlat xizmatlari markazlariga murojaat etadi yoki davlat xizmatlaridan elektron tarzda foydalanish uchun YaIDXP (my.gov.uz) orqali ro‘yxatdan o‘tadi, deyiladi “Huquqiy axborot” kanalida.
Davlat xizmatlari markazlari xodimi tomonidan so‘rovnomaga tegishli ma’lumotlar kiritilishi uchun abituriyent quyidagi hujjatlarning asl nusxasini taqdim etadi:
fuqarolik pasporti (ichki ishlar bo‘limlari tomonidan berilgan 09-shakl bo‘yicha jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami, pasport seriyasi va raqami ko‘rsatilgan ma’lumotnoma);
pasport yoshiga yetmaganlar uchun tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma;
umumiy o‘rta ta’lim (11-sinf negizida) yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasasini tugatganligi haqidagi hujjat (ilovasi bilan);
imtiyozga ega bo‘lgan abituriyentlar imtiyoz huquqini tasdiqlovchi hujjat.
Imtiyozga ega abituriyentlar, shuningdek, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar va pasport yoshiga yetmaganlar davlat xizmatlaridan foydalanish uchun markazlarga murojaat etadi.
Ta’kidlanishicha, hujjatlarni qabul qilishning belgilangan muddatlari tugagandan so‘ng so‘rovnomaga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish man etiladi. Shuningdek, abituriyentdan qo‘shimcha hujjatlarni talab qilish taqiqlanadi.