TOShKENT, 20-iyun — Sputnik. O‘zbekiston va Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) tashqi ishlar vazirliklari o‘zaro manfaatli muloqotni boyitishga kelishib oldi. Bu haqda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov ma’lum qildi.
Saidov Abu Dabida BAA tashqi ishlar vaziri Shayx Abdulla bin Zoid Ol Nahayon bilan uchrashdi.
“Bizning kengaytirilgan kun tartibimiz ikki tomonlama hamkorlikni yanada faollashtirish va xalqaro tashkilotlar doirasida izchil muloqotni rivojlantirish bo‘yicha takliflarni qamrab oldi”, - deb yozadi Saidov o‘zining Telegram-kanalida.
Qayd etilishicha, uchrashuvda O‘zbekiston va BAA tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi aloqalarda o‘zaro manfaatli muloqotni boyitish bo‘yicha ham vazifalar belgilab olindi.
Ma’lumot uchun, ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalar savdo, sarmoya, innovatsiyalar, “yashil” energetika, qishloq xo‘jaligi, logistika, transport va boshqa sohalarda jadal rivojlanib bormoqda.