TOShKENT, 16-iyun — Sputnik. Toshkentdagi “Anhor Lokomotiv” bog‘ida attraksionga uchish uchun chiqqan ikki shaxs yiqilib tushib, tan jarohati oldi, deya xabar berdi Bosh prokuror matbuot kotibi Hayot Shamsudinov.
24 yoshli erkak va 29 yoshli ayol 12-iyun kuni “Melnitsa” attraksioniga uchish uchun chiqqan va 7-8 metr balandlikdan yiqilib tushgan.
Nazoratchi fuqarolarning xavfsizlik kamari taqilganligini tekshirmasdan, attraksionni harakatga keltirganligi aniqlangan.
“Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 257-moddasi (Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda”, deyiladi xabarda.
Sog‘liqni saqlash vazirligining xabariga ko‘ra, attraksiondan yiqilgan fuqarolarning holati o‘rta og‘ir darajada.
Baxtsiz hodisadan so‘ng tez yordam brigadasi kelgunga qadar Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari jabrlanganlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatishgan. Tez tibbiy yordam yetib kelgach, jarohat olgan fuqarolar Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga olib ketilgan.
Muassasada bemorlar zudlik bilan shok zaliga olinib, shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
Jarohat olgan 1999-yilda tug‘ilgan bemorga “Katatravma. Qo‘shma shikastlanishlar. Bosh miya yopiq jarohati. O‘rta darajadagi miya shikastlanishi. Bosh miya peshana qismi kontuzion o‘choq. Chap yelka suyagi katta bo‘rtmachasining yopiq sinishi. Chap tos suyagi boshchasining yopiq chiqishi. Chap yelka bo‘g‘imi distorsiyasi. Chap yuqori qovoq, chap qo‘ltiq sohasi, chap periorbital sohasi yumshoq to‘qimalari,chap yelka sohasi, chap ko‘krak sohasi yumshoq to‘qimalar shikastlanishi, teri osti qon quyilishi” tashxisi qo‘yilib, tegishli davo molajalari tayinlangan.
1993 yilda tug‘ilgan bemorga esa “Katatravma. Umurtqa yopiq shikastlanishi. Dural qopchasi ezilmagan, orqa miya funksiyasi buzilmagan holda umurtqa pog‘onasi suyaklari VL1-VL2 tanachalarining I darajali kompression sinishi. Umurtqaning bel qismi distorsiyasi. Bel sohasi yumshoq to‘qimalarining shikastlanishi” tashxisi qo‘yilgan.
Bemorlar ayni paytda neyroxirurgiya bo‘limiga yotqizilgan bo‘lib, ahvoli o‘rta og‘ir darajada. Nafas olish va gemodinamik ko‘rsatkichlari barqaror. Ular shifoxonada belgilangan davo standartlari asosida davolanmoqda.