Rossiya mutaxassislar uchun fuqarolik olishni soddalashtirdi — kasblar ro‘yxati

Kasblar ro‘yxatiga — tibbiyot xodimlari, olimlar, injenerlar, dasturchilar, jurnalistlar, muhandislar kabi jami 203 ta mutaxassislik kiritilgan.
Sputnik
TOShKENT, 16-iyun — Sputnik. Rossiya fuqaroligini soddalashtirilgan tartibda olish huquqiga ega bo‘lgan mutaxassisliklar ro‘yxati kengaytirildi, deb xabar qildi Musofir/Migrant Telegram-kanali RF Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi tomonidan tasdiqlangan hujjatga asoslanib.
Kasblar ro‘yxatiga shifokorlar, tibbiyot xodimlari, universitet professorlari, psixologlar, logopedlar, veterinariya shifokorlari, qishloq xo‘jaligi mutaxassislari, geologlar va tog‘-kon muhandislari, atom energetikasi mutaxassislari, olimlar, konstruktorlar, dasturchilar, jurnalistlar, kema va temiryo‘l texnikasi ta’mirlash ustalari, elektromontorlar, muhandis va texnologlar, stanok sozlovchilar, biotexnologlar va robototexnika bo‘yicha jami 14ta sohada 203ta mutaxassisliklar kiritilgan.
Eslatib o‘tamiz, "Fuqarolik to‘g‘risida" gi qonunga kiritilgan o‘zgartirish Rossiya fuqaroligini soddalashtirilgan tartibda bir yil ichida olishni nazarda tutadi.
Qonun loyihasi, shuningdek, Rossiya fuqaroligiga qabul qilishda 20 dan ortiq toifadagi shaxslarga qo‘yiladigan talablar sonini qisqartirishni, shuningdek, soddalashtirilgan tarzda olish huquqiga ega bo‘lgan shaxslar toifasini aniqlash bo‘yicha prezidentning vakolatlarini kengaytirishni nazarda tutadi.