TOShKENT, 16-iyun — Sputnik. O‘zbekiston hamda Trinidad va Tobago respublikasi o‘rtasida diplomatiya munosabatlarini o‘rnatish bo‘yicha Qo‘shma kommunike imzolandi, deb yozmoqda “Dunyo” AA.
Bu O‘zbekiston diplomatiya munosabatlarini o‘rnatgan 144-mamlakat bo‘ldi.
Ikki mamlakat hukumatlari nomidan hujjatni O‘zbekistonning Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi (BMT) doimiy vakili, elchi Baxtiyor Ibragimov hamda Trinidad va Tobagoning BMTdagi doimiy vakili Dennis Frensis imzolashdi.
“Trinidad va Tobago hamda O‘zbekiston dunyoga va xalqaro hamjamiyatga diplomatiya munosabatlarini o‘rnatish qarorini rasman e’lon qilgan kun kelganidan mamnunman. Biz Trinidad va Tobagoda buni Markaziy Osiyo mintaqasining muhim a’zosi bo‘lgan O‘zbekiston bilan uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli munosabatlarning ibtidosi, deb bilamiz”, - dedi Dennis Frensis.
Tomonlar hamkorlikning o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarini qidirib topish bo‘yicha ikki tomonlama aloqalarni qo‘llab-quvvatlashga kelishib olindi.
"Hujjatning imzolanishi O‘zbekistonning Karib havzasi mamlakatlari bilan hamkorligini faollashtirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi", - deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, Trinidad va Tobago - Janubiy Amerikaning Shimoliy-Sharqiy qirg‘og‘ida joylashgan davlat. Britaniya Hamdo‘stligi hamda Amerika davlatlari tashkilotining a’zosi hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, 28-aprel kuni O‘zbekiston Syerra-Leone Respublikasi bilan diplomatiya aloqalarini o‘rnatgan edi.