TOShKENT, 16-iyun — Sputnik. Vafot etgan odamlar va voyaga yetmaganlardan imzo to‘plagan "yangi partiya" ro‘yxatga olinmadi, deya xabar berdi Adliya vaziri matbuot kotibi Sevara O‘rinboyeva.
Qayd etilishicha, Adliya vazirligiga 15-mayda “Haqiqat, taraqqiyot va birdamlik” partiyasini ro‘yxatga olish haqidagi ariza kelib tushdi.
Ariza va taqdim etilgan ta’sis hujjatlarini ko‘rib chiqish natijasiga ko‘ra, “Haqiqat, taraqqiyot va birdamlik” partiyasini bir qator asoslar bo‘yicha ro‘yxatga olishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
“Yangi partiyani ro‘yxatdan o‘tkazish uchun taqdim etilgan hujjatlarda ushbu partiyaga birlashish istagini bildirgan fuqarolarning 10 777 ta imzosi keltirilgan”, deb yozadi matbuot kotibi.
Partiyaga birlashish istagini bildirgan fuqarolar ro‘yxatiga quyidagilar kiritilgan:
siyosiy partiya ta’sis konferensiyasi o‘tkazilgungacha vafot etgan 145 nafar shaxs;
23 nafar voyaga yetmagan shaxs;
mahallalarni asfaltlash, kommunikatsiya tizimlarini yangilashga mablag‘ olish maqsadida “Ochiq budjet” loyihasiga ovoz berish uchun deb xato imzo qo‘ygan va keyinchalik ushbu imzolarini qaytarib olgan 3 900 nafar shaxs;
shaxsga doir ma’lumotlar taqdim etilmaganligi sababli shaxsi aniqlanmagan 1 775 nafar shaxs;
imzolari qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilmagan elektron shaklda olingan 2 257 nafar shaxs;
partiya tuzish uchun xohish bildirmagan va hech qanday imzo qo‘ymagan 844 nafar shaxs;
sud tartibida muomalaga layoqatsiz deb topilgan 185 nafar shaxs;
O‘zbekistonda yashamayotgan 209 nafar shaxs.
“Natijada haqiqatda partiyaga a’zo bo‘lish istagini bildirgan fuqarolarning 1 439 ta imzosi mavjud ekanligi aniqlandi”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, “Siyosiy partiyalar to‘g‘risida”gi Qonunning 6-moddasiga ko‘ra, siyosiy partiyani tuzish uchun kamida sakkizta hududiy subyektda (viloyatda), shu jumladan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahrida yashayotgan hamda partiyaga birlashish istagida bo‘lgan kamida 20 000 fuqaroning imzosi bo‘lishi talab etiladi.
Siyosiy partiyani ro‘yxatga olishni rad etish ustidan Oliy sudga belgilangan tartibda shikoyat qilish mumkin.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda 5 ta siyosiy partiya, xususan Xalq demokratik partiyasi, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi, Milliy tiklanish demokratik partiyasi hamda O‘zbekiston Ekologik partiyasi ro‘yxatga olingan.