Biz biznesga ko‘proq erkinlik berish yo‘lini tanladik va bu to‘g‘ri bo‘lib chiqdi — Putin

G‘arb sanksiyalariga javoban Rossiya tadbirkorlik erkinligini kengaytirish yo‘lini tanladi va bu mutlaqo to‘g‘ri bo‘lib chiqdi, dedi Putin.
Sputnik
TOShKENT, 16-iyun – Sputnik. Rossiya tadbirkorlik erkinligini kengaytirish yo‘lini tanladi va bu o‘z samarasini berdi, dedi Rossiya prezidenti Vladimir Putin Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida (PMEF).

"Biz bir yil avval gapirgan uchinchi tamoyilimiz xususiy tashabbusni rivojlantirishga urg‘u berishdir. O‘tgan yili biz sanksiyalar bosimi ostida Rossiya yopiq ma’muriy-buyruqbozlik iqtisodiyotiga qaytadi, deb bashorat qilingan edi. Ammo unday bo‘lmadi, biz tadbirkorlik erkinligini kengaytirish yo‘lini tanladik va amaliyot bu mutlaqo to‘g‘ri ish bo‘lganini ko‘rsatdi. Buni hayot isbotladi”, — dedi Rossiya prezidenti.

Rossiyada ishlagan xorijiy korxonalar to‘xtab qolgani yo‘q. Ular nomini o‘zgartirib, sof Rossiya mahsulotlariga aylanmoqda, dedi prezident.
"Ko‘pgina xorijiy brendlar uzoq vaqtdan beri bizning zavodlarimizda to‘liq ishlab chiqarilgan mahsulotlarni sotmoqda. Aslida, bu Rossiya tovarlari, faqat xorijiy logotiplar ostida. Tovar belgisi egalarining ketishi bilan ishlab chiqarish to‘xtagani yo‘q, faqat logotip o‘zgardi. Shuningdek, bu biznesdan olinadigan foyda bizning mamlakatimizda qoladi”, - dedi Putin.
Buning isboti sifatida, o‘tgan yili mahalliy brendlarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun 90 mingdan ortiq ariza topshirgan.
"Faqat o‘tgan yilning o‘zida Rossiya ishlab chiqaruvchilari tovar belgisini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun 90 mingdan ortiq ariza topshirdi. Bular kiyim va poyabzal, dasturiy ta’minot, maishiy kimyo, parfumeriya, kosmetika va boshqalar sohasida", — dedi Putin.
Shuningdek, Rossiya prezidenti viloyatlar rahbarlarni mahalliy brendlarni qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.
Undan tashqari, Putin Rossiya hukumatiga elektron platformalaridan foydalangan holda mahalliy mahsulotlarni targ‘ib qilish, tijoratni qo‘llab-quvvatlash elementlarini ishga tushirishni buyurdi. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, aynan onlayn platformalarda hatto kichik biznes ham o‘z xaridorini topa oladi.

Rossiya hech qachon hech kimni o‘z bozoridan quvmagan

Shu bilan birga, prezident Rossiya hech qachon hech bir xorijiy korxonani quvib chiqarmaganiga alohida e’tibor qaratdi.
“Yaxshi bilasizki, biz hech qachon hech kimni bozorimizdan, iqtisodiyotimizdan quvib chiqarmaganmiz, aksincha, biz barcha ijobiy va salbiy tomonlarni o‘ylab ko‘rishni, bunday qadamning mumkin bo‘lgan oqibatlari haqida yaxshilab o‘ylab ko‘rishni taklif qildik. Har bir hamkorga tanlash huquqini berdik”, — dedi Vladimir Putin.
“Agar xorijlik ishlab chiqaruvchilar yana qaytishni istasa, marhamat, biz hech kimga eshikni yopmaymiz. Hech kim raqobatdan qo‘rqmaydi, raqobat - bu taraqqiyot va savdo dvigateli. Biz ularning Rossiyada ishlashi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratamiz”, - dedi Rossiya rahbari.
Ma’lumot uchun, 14-17 iyun kunlari Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi (PMEF) bo‘lib o‘tadi. RIA Novosti forumning media hamkori va mezbon fotoagentligi hisoblanadi.