Transport vaziri Ilhom Mahkamov yana bir lavozimni egalladi

O‘zbekiston basketbol federatsiyasiga yangi rahbar saylandi.
Sputnik
TOShKENT, 15-iyun — Sputnik. Transport vazirligi rahbari Ilhom Mahkamov O‘zbekiston basketbol federatsiyasi raisi etib saylandi, deya xabar berdi Milliy olimpiya qo‘mitasi.
Bugun Milliy Olimpiya qo‘mitasida O‘zbekiston basketbol federatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Unda federatsiya raisi lavozimida ishlab kelgan Ruslanbek Davletov boshqa ishga o‘tgani sababli transport vaziri Mahkamov Ilhom Rustamovich nomzodi federatsiya raisi lavozimiga ma’qullandi.
Ma’lumot uchun, Ilhom Mahkamov 1979-yil Toshkent shahrida tug‘ilgan. Uzoq yillardan beri kommunal sohada, xususan, “O‘zkommunxizmat” agentligining bosh direktori, Vazirlar Mahkamasi Kommunal soha, transport, kapital qurilish va qurilish industriyasi masalalari axborot-tahlil departamenti mudiri bo‘lib ishlagan.
2021 yildan transport vaziri lavozimida faoliyat yuritmoqda.