Tailanddagi Osiyo chempionatida o‘zbekistonlik velosportchilar 9 ta medalga ega chiqdi

Ushbu natija bilan terma jamoa 27 davlat orasida uchinchi o‘rinni egalladi.
Sputnik
TOShKENT, 15-iyun — Sputnik. Tailandning Rayong shahrida velosportning shosse yo‘nalishi bo‘yicha U-20, U-23 yosh toifalari va kattalar o‘rtasida Osiyo chempionati o‘z yakuniga yetdi. Unda ishtirok etgan O‘zbekiston terma jamoasi 2 ta oltin, 4 ta kumush va 3 ta bronza, jami 9 ta medalga sazovor bo‘ldi.
Ushbu natija bilan terma jamoa 27 davlat orasida uchinchi o‘rinni egalladi. O‘zbekistonlik sportchilar Parij-2024 Olimpiadasiga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanma beruvchi yo‘nalishlarda shohsupaga ko‘tarila olmagan bo‘lishsada, qimmatli reyting ochkolarini o‘z hisoblariga yozdirib qo‘yishdi.
Musobaqada sportchilar quyidagi yo‘nalishlarda shohsupaga ko‘tarilishdi:
Oltin medal:
Olga Zabelinskaya (individual start poygasi, kattalar);
Yanina Kuskova (individual start poygasi, U-23).
Kumush medal:
Aralash jamoaviy poyga (kattalar);
Aralash jamoaviy poyga (U-23);
Asal Rizayeva (individual start poygasi, U-20);
Yanina Kuskova (guruh poygasi, U-23).
Bronza medal:
Aralash jamoaviy poyga (U-20);
Asal Rizayeva (guruh poygasi, U-20);
Begzod Rahimboyev (guruh poygasi, U-23).
Terma jamoa ayni paytda Tailanddan Malayziyaga yetib bordi. Sportchilar endilikda 19-iyun kuniga qadar trek yo‘nalishida qit’a birinchiligi uchun bahs olib borishadi.