Mirziyoyev Si Szinpinni 70 yoshlik yubileyi bilan tabriklab, uni O‘zbekistonga taklif etdi

Shavkat Mirziyoyev Si Szinpinni O‘zbekistonga taklif qildi.
Sputnik
TOShKENT, 15-iyun — Sputnik. Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinga uning 70 yoshlik yubileyi munosabati bilan tabrik yo‘lladi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov.
Prezident o‘z tabrigida Si Szinpinni O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelishga taklif etib, unga uzoq umr, sihat-salomatlik, oilaviy baxt-saodat, g‘oyatda mas’uliyatli va sharafli davlatchilik faoliyatida yangi muvaffaqiyatlar, Xitoy xalqiga esa bardavom tinchlik-omonlik, fayzu baraka va farovonlik tiladi.
"Shuni alohida ta’kidlashni istardimki, Sizning shaxsan e’tiboringiz tufayli O‘zbekiston - Xitoy munosabatlari har tomonlama mustahkamlanib, sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarilib bormoqda”, deyiladi davlat rahbarining maktubida.
Qayd etilishicha, yaqinda Xitoy Xalq Respublikasiga davlat tashrifim yakunlari hamda Sian shahrida bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo - Xitoy” birinchi sammiti doirasidagi muzokaralar natijalari har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shadi.