TOShKENT, 14-iyun — Sputnik. Buxoro—Urganch avtomobil yo‘lida “UzAuto Motors” treyleri YTHga uchrab, ikki haydovchisi vafot etdi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
Voqea 14-iyun soat 11:40 da yuz bergan. “UzAuto Motors” avtoparkiga tegishli treyler yuk mashinasiga borib urilgan. Avtovoz kabinasi shikastlangan. Kompaniya mashinasida bo‘lgan ikki haydovchi olgan og‘ir jarohatlari sababli vafot etgan.
Ta’kidlanishicha, hodisa sabablari aniqlanmoqda. Avtohalokat haqida batafsil ma’lumot tergov-tezkor tadbirlari yakunlariga ko‘ra beriladi.
“UzAuto Motors” avtohalokat qurbonlarining oila a’zolari va yaqinlariga barcha zaruriy yordam va ko‘mak ko‘rsatilishiga kafolat berishini qayd etgan.