O‘zbek kurashchilari Osiyo chempionatida 15 ta medalga ega bo‘lishdi

U-17 yosh toifasidagi o‘zbekistonlik kurashchilar musobaqani 2 ta oltin, 4 ta kumush va 9 ta bronza medallari bilan yakunladi.
Sputnik
TOShKENT, 14-iyun — Sputnik. Qirg‘iz Respublikasida sport kurashlari bo‘yicha 17 va 23 yoshgacha bo‘lgan sportchilar o‘rtasida Osiyo chempionati bo‘lib o‘tmoqda. Ayni paytga kelib, 17 yoshgacha bo‘lgan atletlar bahsi yakunlandi, deya xabar berdi Milliy olimpiya qo‘mitasi.
Ushbu yosh toifasida so‘nggi bo‘lib erkin kurashchilar o‘rtasida g‘olib va sovrindorlar nomi aniqlandi. Unda ishtirok etgan O‘zbekiston terma jamoasi a’zolaridan Bobojon Ibodullayev (-45 kg), Abdumalik Jaloliddinov (-48 kg), Shohruhbek Sapoyev (-55 kg) va Eldorbek Hasanov (-110 kg) bronza medallariga ega chiqdi.
Umumiy hisobda U-17 yosh toifasidagi o‘zbekistonlik kurashchilar musobaqani 2 ta oltin, 4 ta kumush va 9 ta bronza medallari bilan yakunladi.
Reglamentga ko‘ra, bugun musobaqada dam olish kuni. Ertadan 23 yoshgacha bo‘lgan kurashchilar o‘z mahoratlarini namoyish etishadi.