TOShKENT, 14-iyun — Sputnik. O‘zbekistonning Xitoy, Qozog‘iston, Ozarbayjon , Eron va Latviyadagi elchixonalarida transport masalalari bo‘yicha maslahatchi lavozimi joriy etiladi. Bu prezident 14-iyun kuni imzolagan "Ma’muriy islohotlar doirasida transport sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonda ko‘zda tutilgan.
Farmonga ko‘ra, Transport vazirligi huzurida quyidagilar tashkil etildi:
Transport nazorati inspeksiyasi;
Transport sohasi kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti;
O‘zbekiston tranzit salohiyatini rivojlantirish idoralararo kengashi.
Transport nazorati inspeksiyasi avtomobil, temir yo‘l, suv, elektr transporti, metropoliten va yo‘l xo‘jaligi sohalarida nazorat funksiyalarini amalga oshiruvchi respublika ijro etuvchi hokimiyat organi hisoblanadi.
Transport nazorati inspeksiyasiga o‘z vazifalarini amalga oshirishi uchun quyidagi vakolatlar beriladi:
- avtomobilda yuk va yo‘lovchi tashish, temir yo‘l, suv, elektr transporti, metropoliten hamda yo‘l xo‘jaligi sohasida ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish va ma’muriy jazo choralarini qo‘llash;
- avtotransport vositasida yuk va yo‘lovchilar tashish qoidalarining buzilishi vizual kuzatuv yoki maxsus moslama yordamida aniqlanganda, avtotransport vositasini yuk va yo‘lovchi tashishni nazorat qilish bo‘yicha statsionar va mobil postlarda tekshirish uchun to‘xtatish.
2023 yil 1-sentabrgacha jamoat transportida tashuvlar sifatini yaxshilash va xizmatlar jozibadorligini oshirish hamda sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish maqsadida tashuvchilar reytingini joriy etish yuzasidan qaror loyihasi ishlab chiqiladi.