Quda-anda, qudag‘ay: qarindoshlikni bildiradigan so‘zlarni bilasizmi?

“O‘zbekning o‘z so‘zlari” ruknining navbatdagi soni qarindoshlik atamalariga bag‘ishlangan.
Sputnik
O‘zbek tilida qarindoshlikni bildiradigan ko‘plab so‘zlar bor. Ularning orasidan bobo, buvi, aka, uka, opa, singil, amaki, tog‘a, amma, xola, qaynata, qaynana, qaynag‘a, qayni, mullaka, qaynisingil, qayinbo‘yin, kuyov, pochcha, kelinoyi singari yaqin qarindoshlikni bildiradigan so‘zlarning ma’nolarini hammamiz bilamiz. Xo‘sh, ulardan ayrimlari (pochcha, qaynana, qaynisingil, qayinbo‘yin) nega bizning tilimizda boru, boshqa tillarda yo‘q. Keling, tushuntirishlarimizni shundan boshlaymiz.

Amaki, amma, tog‘a, xola

O‘zbeklarga xos qarindoshlik tushunchalarini ifodalaydigan bu to‘rt so‘z jiyan bo‘lmish yigit-qizga nisbatan belgilanadi. Amaki deb jiyan bo‘lmish yigit-qiz otasining akasi va ukasiga, amma deb jiyan bo‘lmish yigit-qiz otasining opasi va singlisiga aytiladi. Tog‘a deb jiyan bo‘lmish yigit-qiz onasining akasi va ukasiga, xola deb jiyan bo‘lmish yigit-qiz onasining opasi va singlisiga aytiladi. Ammo boshqa tillarda qarindoshlik munosabatlarini o‘zbek tilidagidek ota va ona tomondan farqlab ifodalash yo‘q. Masalan, ruslar jiyan bo‘lmish yigit-qizning ota tarafdan aka-ukalarini ham, ona tarafdan aka-ukalarini ham dadya deb qo‘ya qoladi. Yoki jiyan bo‘lmish yigit-qizning ota tarafdan opa-singillarini ham, ona tarafdan opa-singillarini ham totya deyadi-qo‘yadi.
Ingliz tilida ham uncle va aunt so‘zlari bor xolos. Xo‘sh, o‘zbek shu va boshqa qarindoshlik tushunchalari uchun nega boshqa-boshqa so‘zlarni yaratdi? Buning sababi bitta: o‘zbekona qarindosh-urug‘chilikda jiyan bo‘lmish yigit-qizning tarbiyasida amaki va ammaning, tog‘a va xolaning o‘ziga xos o‘rni bor. Bizningcha, o‘g‘il jiyanning tarbiyasida ota-ona bilan birga amakiga katta mas’uliyat, qiz jiyanning tarbiyasida ammaga jiddiy mas’uliyat yuklanadi.
O‘rni kelganda shuniyam aytib ketish kerakka o‘xshaydi. Inglizlar pochcha, qaynag‘a, qaynegachi, qaynsingil tushunchalari uchun alohida so‘zlarni hosil qilmagan. Pochcham yoki qaynegachim demoqchi bo‘lsa, uzundan uzoq qilib, my brother-in-law yoki my sister-in-law degan birikmadan foydalanishga majbur bo‘ladilar.
Biz kundalik so‘zlashuvda ko‘p qo‘llaydigan, ammo ma’nosini aniq bilmaydigan so‘zlar ham bor. Bordiyu biz bunday so‘zlarning ma’nolarini aniq bilib ishlatsak, maqsadimizni yanada aniq ifodalangan bo‘ladi. Keling, shunday so‘zlardan bir nechasini ko‘rib chiqaylik.

Qayin

O‘zbek tilida kelin qilish va kuyov ko‘rish bilan yuzaga keladigan qarindoshlikni bildiradigan ko‘plab so‘zlar bor. Ularni kundalik so‘zlashuvda faol qo‘llaymiz, ma’nolarini bilamiz. Masalan, qaynata, qaynana, qaynag‘a, qayni, qaynegachi, qaynsingil, mullaka kabi so‘zlarning ma’nolarini barchamiz tushunamiz. Biroq ana shu so‘zlarning hammasida uchraydigan qayin so‘zining ma’nosini o‘zbek tili mutaxassisi bo‘lmagan odam bilmaydi. Qayin eng qadimgi o‘zbek so‘zlaridan biri bo‘lib, “erga nisbatan xotinning tug‘ishganlari” va “xotinga nisbatan erning tug‘ishganlari” ma’nosini ifodalaydi. Shundan kelib chiqsak, masalan, qaynata atamasi qayin va ota so‘zlaridan yasalgan. Agar kelin qaynatam desa, erining otasini nazarda tutgan – erim tomondan otam, demoqchi bo‘ladi. Agar kuyov qaynatam desa, xotinining otasini nazarda tutgan – xotinim tomondan otam, demoqchi bo‘ladi.
Xalq tilida qaynana atamasi bilan bog‘liq o‘ta oddiy tasavvur yuradi. Bunga ko‘ra qaynana qaynab turgani uchun shunday deyilgan emish. Xo‘sh, qaynana qaynab turgani uchun qaynana deb atalgan bo‘lsa, qaynata nima uchun qaynata bo‘lib qolgan? Ana shu “mantiq”dan kelib chiqsak, qayni so‘zini nima deb tushuntiramiz. Qayni qaynanadek qaynamaydi-ku?! Shuning uchun bunday juda jo‘n tasavvurlardan qochgan ma’qul.

Qayinbo‘yin

Qayin so‘zi ishtirokida hosil bo‘lgan qaynata, qaynana, qayni, qaynisingil kabi so‘zlarning ma’nolarini-ku bilib oldik. Ammo tilimizda qayinbo‘yin degan so‘z ham bor. Xo‘sh, bu qarindoshlik atamasi ostida qanday ma’no yashiringan? O‘zbeklar orasida “erning yaqin qarindoshlari xotiniga nisbatan” yoki “xotinning yaqin qarindoshlari eriga nisbatan” qayinbo‘yin bo‘ladi.
Qarindoshlik o‘g‘ilni uylab, qizni chiqarish bilan kengayadi. Bu munosabatni qudachilik deymiz. O‘zbek xalqida qudachilik munosabatlari qadim zamonlardan bor, shuning uchun xalqimiz qudachilik haqida bir necha maqollarni ijod qilgan. Masalan: 1. Quda bo‘lguncha ko‘p sinash, quda bo‘lgach ko‘p siylash. 2. Qudang qul bo‘lsa, quldek bo‘l. 3. Qudalashmoq qiyin, ayrilishmoq oson. 4. Qirq uy quda bo‘lsa, qirq yil qirg‘in kelmas. 5. Qudangdan qo‘y so‘rama, qo‘shningdan uy so‘rama. 6. Qudamning qudasi – yumurtqam (Xorazm shevalarida yumurtqa – tuxum degani)ning sho‘rvasi. 7. Qudaning oshi bilan qudag‘ayni siylabdi. Endi yuqoridagi maqollarda qo‘llangan va bizga ma’nosi noaniqroq bo‘lgan qudag‘ay so‘zining ma’nolarini tushuntirib o‘tamiz.

Qudag‘ay

Bu so‘z hozirgi kunda quda so‘zi bilan birga quda-qudag‘ay deb qo‘llanadi. Xo‘sh, bu so‘zning ma’nosi nima? “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da qudag‘ay deb “ayol quda, xotin quda”ga aytilgan. Demak, qudag‘ay so‘zi qudalashgan ayollarning har ikkisiga nisbatan qo‘llanadi. Masalan, kuyovning onasi ham, kelinning onasi ham bir-biriga nisbatan qudag‘ay bo‘ladi. Bu tushuntirish bizga quda so‘zining dastlab kimga qarata qo‘llanganligini aniqlashtirib beradi. Agar qudag‘ay “kelin yoki kuyovning onasi” bo‘lsa, demak, quda “kelin yoki kuyovning otasi”ni bildiradi. Xalqimizga erkak va ayol qudani farqlab ifodalash zarur bo‘lgan bo‘lsa kerakki, quda-qudag‘ay juft so‘zini ijod qilgan. Ammo hozirgi kunga kelib, qudag‘ay so‘zining ma’nosini ko‘plar bilmaydi. Aslida “erkak quda” ma’nosidagi quda so‘zini “kelin yoki kuyovning onasi”ga nisbatan ham qo‘llayverishi natijasida bugungi o‘zbek tili uchun bu normal holat bo‘lib ulgurgan. Demak, quda so‘zi qudag‘ay so‘zining o‘rnini egallab bo‘lgan.
Qudag‘ay so‘zining ikkinchi ma’nosi ham bo‘lib, qudalashgan tomonning qarindoshlariga nisbatan aytiladi. “Qudaning oshi bilan qudag‘ayni siylabdi” maqolida ana shu to‘g‘ri ma’no ifodalangan. Ya’ni maqol “quda keltirgan yeguliklar bilan marosimga kelgan quda taraf kishilarini mehmon qilish” mazmunida qo‘llangan.

Quda-anda

Qarindoshlik munosabatlari bilan bog‘liq suhbatlarda quda-anda so‘zi ko‘p ishlatiladi. Quda so‘zining-ku ma’nosini bilib oldik. Xo‘sh, anda degani nima, shunisi qiziq. Anda deganda biz “qudaning qudasi”ni nazarda tutgan bo‘lamiz. Bu so‘z qudachilik “bordi-keldi”lari ikki qudalar bilangina emas, qudalarning qudalari bilan ham bo‘lganligi sababli yuzaga kelgan. Ya’ni kishilar biri qiz berib, ikkinchisi kelin qilib qarindosh bo‘lar ekanlar, ularning qudachilik “bordi-keldi”larida boshqa farzandlarining qaynata-qaynanalari ham muhim o‘rin tutadi. Ayniqsa, hozirgi kunda to‘y-tantanalarga qudaning qudasini ham chaqirishi urfga kirgan. O‘zbek tilidagi “Sherikchilik – bir yilchilik, Qudachilik – ming yilchilik” maqolida qudalashish “bordi-keldi”lari aniq ifoda topgan.

Qaychi quda/Qarshi quda

O‘z qizini kelin qilib bergan oiladan kelinlikka qiz olgan kishilar, ya’ni bir-biriga qizini bergan kishilar. Qaychi quda bo‘lish esa qiz bergan oiladan qiz olish odatining o‘zini bildiradi. Bu udum ko‘plab turkiy xalqlarda uchraydi. Masalan, qirg‘iz shoiri Baydilda Sarnogoyevning “Salom” she’rida qaychi qudalik xalqning odatiy tushunchasi sifatida esga olingan: Salom sizga, Shirinlarning avlodi, O‘n to‘rt kunlik oyga o‘xshar kamoli. Talaslikman, qaychi-quda elatmiz, Farg‘onalik mening sohibjamolim.
Bizni qiziqtirgan qaychi quda so‘zining paydo bo‘lishi haqida ikki xil farazni aytish mumkin. Birinchi faraz. Ma’lumki, qaychining ikki tig‘i bor va ularni bitta o‘q birlashtirib turadi. Qaychining ikki tig‘i – ikki taraf quda-qudag‘aylari. Kelinlikka olingan qizlar xuddi shu o‘q singari ikki tarafni – qudalarni birlashtirib turgani uchun qaychi qudadeyilgan. Bu faraz haqiqatga yaqinroq. Ikkinchi faraz. Azaldan qaychi qudalik aloqalari o‘ta nozik hisoblangan. Qarshi quda sifatida qudalashgan taraflar o‘zaro munosabatlarda har doim muvozanat saqlagan, qudachilikda o‘ziga xos diplomatiyani tanlaganlar. Chunki quda taraflardan biri keliniga zug‘um qila boshlasa, ikkinchi tarafdagi quda ham keliniga xuddi shunday muomala qilgan. Bunday diplomatiyani qudalarning o‘zaro tiyib turishi deb izohlash mumkin.
O‘tgan oyda “O‘zbekning o‘z so‘zlari” ruknini boshlagandik. Har hafta materiallarimiz orqali o‘zbek tiliga oid juda qiziq ma’lumotlar bilib olasiz.
Avvalgi mavzular bilan tanishib chiqing:
“Xumpar, xo‘tik, qulun”: uy hayvonlari o‘zbekcha qanday to‘g‘ri ataladi.
Yovvoyi hayvonlar o‘zbekcha qanday atalishini bilasizmi?
Parrandalar o‘zbekcha qanday to‘g‘ri ataladi
Qiziqarli test: ushbu hayvonlar nomini bilasizmi? Bilimingizni sinab ko‘ring
O‘zbek to‘yi: nikoh va undan keyingi urf-odatlarni bilasizmi
Yakshanba kuni test o‘tkazamiz, bilimingizni sinab ko‘rishingiz mumkin! Telegram-kanalimizga obuna bo‘lib, kuzatib boring.