Qo‘qondagi bozorda yirik yong‘in sodir bo‘ldi — video

Qo‘qon shahri “Buyuk ipak yo‘li” savdo kompleks hududidagi do‘kon rastalarida soat 19:17 da yong‘in sodir bo‘ldi.
Sputnik
TOShKENT, 13-iyun — Sputnik. Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida joylashgan savdo komplekslarida 12-iyun kuni yong‘in sodir bo‘ldi, deya xabar berdi Favqulodda vaziyatlar vazirligi.
Qayd etilishicha, yong‘in shaharning Baynalminal ko‘chasida joylashgan “Buyuk ipak yo‘li” savdo kompleks hududidagi do‘kon rastalarida soat 19:17 da boshlangan.
Yong‘inga soat 19:25 da birinchi bo‘linmalar yetib borgan vaqtda savdo komplekclari ochiq alanga bilan yonayotganligi aniqlangan. Yong‘in-qutqaruv bo‘linmalari tomonidan ko‘rilgan tezkor harakatlar natijasida yong‘in 20:25 da qurshab olinib, soat 23:30 da bartaraf etilgan.
Yong‘inning kelib chiqish sababi va moddiy zarar miqdorini aniqlash ishlari olib borilmoqda.
Bosh prokuratura matbuot kotibining ma’lum qilishicha, bu yong‘in bo‘yicha Jinoyat kodeksining 259-moddasi (Yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Farg‘ona viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tergov harakatlarini olib bormoqda.