OTB O‘zbekistondagi xalqaro avtomobil yo‘llarini rekonstruksiya qilishga yordam beradi

“G‘uzor – Buxoro – Nukus – Beyneu” avtomobil yo‘lining 87 km qismini sement-beton qoplamasi bilan rekonstruksiya qilish loyihasi amalga oshiriladi.
Sputnik
TOShKENT, 13-iyun — Sputnik. Osiyo taraqqiyot banki (OTB) O‘zbekistondagi xalqaro avtomobil yo‘llarini rekonstruksiya qilishga yordam beradi. Bu haqda Transport vazirligi xabar berdi.
OTB ishtirokida A-380 “G‘uzor – Buxoro – Nukus – Beyneu” avtomobil yo‘lining 228-315 km (87 km) qismini sement-beton qoplamasi bilan rekonstruksiya qilish loyihasi amalga oshiriladi.
Ta’kidlanishicha, ushbu loyiha doirasida 2 tasmali asfalt va beton qoplamali avtomobil yo‘li 4 tasmali sement va beton qoplamali avtomobil yo‘liga o‘tkazilmoqda.
Loyiha natijasida:
avtomobil yo‘lining o‘tkazuvchanlik qobiliyati 3 barobarga oshadi;
yo‘l qoplamasining xizmat qilish muddati 30-yilga yetkaziladi;
Buxoro-Xiva, Buxoro-Nukus yo‘nalishlarida turizm oqimi 2,5 barobarga oshadi.
Shuningdek, O‘zbekiston hududidan o‘tadigan Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik dasturi (CAREC) transport yo‘lagiga kirgan ikkinchi xalqaro transport yo‘lagining xalqaro tranzit tashuvchilari uchun jozibadorligi oshishiga erishilishi ko‘zda tutilmoqda.
Ma’lumot uchun, mazkur yo‘l E-40 raqamli Yevropa hamda AN-63 raqamli Osiyo avtomagistralining O‘zbekiston hududidan o‘tadigan muhim xalqaro yo‘lagidir.