Mirziyoyev Toqayev bilan telefon orqali muloqot qildi — tafsilotlar

Mintaqaviy kun tartibidagi masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.
Sputnik
TOShKENT, 12-iyun — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12-iyun kuni Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Suhbat avvalida davlat rahbari Abay viloyati hududida ro‘y bergan o‘rmon yong‘ini oqibatida insonlar halok bo‘lgani munosabati bilan prezident Qosim-Jomart Toqayev va Qozog‘iston xalqiga chuqur hamdardlik va dalda so‘zlarini izhor etdi. Tabiiy ofatga qarshi kurashish va uning oqibatlarini bartaraf etishda O‘zbekiston barcha zarur yordamni ko‘rsatishga tayyor ekani ta’kidlandi.
Prezidentlar O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalarini ham muhokama qildilar.
Savdo, sanoat, energetika, transport, qishloq xo‘jaligi va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida kooperatsiya loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirishga alohida e’tibor qaratildi.
Mintaqaviy kun tartibidagi masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.
Eslatib o‘tamiz, Abay viloyatidagi o‘rmon yong‘ini o‘tgan hafta payshanba kuni chaqmoq urishidan keyin boshlangan. Yong‘in oqibatida “Semey o‘rmoni” qo‘riqxonasining 14 ishchisi halok bo‘ldi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘in maydoni 60 ming gektardan oshgan. Yong‘inni o‘chirishga 300 ta texnika, 1500 ga yaqin kishi va 11 vertolot jalb etilgan.
Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev 12-iyunni umummilliy motam kuni deb e’lon qildi.