TOShKENT, 12-iyun — Sputnik. Koreya Xalq Demokratik Respublikasi rahbari Kim Chen In Vladimir Putinni Rossiya kuni bilan tabriklab, rus xalqini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini va ular bilan birdamligini izhor etib, g‘alabalarga erishishini tiladi.
Kim Chen In KXDR hukumati va butun Shimoliy Koreya xalqi nomidan yo‘llagan tabrik telegrammasida Rossiyaning rivojlanish tarixi va madaniyati faxrlanishga arziydigan “chuqur ildizlarga” ega ekanligini, qadr-qimmati va qudratini namoyon etib, taraqqiyotning “shon-sharafli yo‘lini” bosib o‘tganligini ta’kidladi.
Shimoliy Koreya rahbarining so‘zlariga ko‘ra, hozirda Rossiyaning “matonatli va dono” xalqi Putin boshchiligida mamlakat “suvereniteti, xavfsizligiga putur yetkazmoqchi bo‘lgan” va tinch hayotini buzishga urinayotgan kuchlarga qarshi kurashmoqda.
“Adolat albatta g‘alaba qozonadi va rus xalqi o‘zining an’anaviy g‘alabalar tarixini davom etadi”, – deya ishonch bildirdi KXDR rahbari.
Kim Chen In ta’kidlashicha, Shimoliy Koreya xalqi suveren huquq va manfaatlarini himoya qilishga intilayotgan, xalqaro adolat tarafdori bo‘lgan va “imperialistlarning irodasi va o‘zboshimchaligi” ga qarshi chiqqan rossiyaliklarni to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi va birdamligini izhor etadi.
“Turli tarixiy sinovlarga bardosh berib, asrdan-asrga davom etib kelayotgan Koreya-Rossiya hamdo‘stligi mamlakatlarimizning qimmatli strategik boyligi, yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlikni (Rossiya bilan) yangi davr talablari asosida uzluksiz rivojlantirishdan iborat KXDRning mustahkam pozitsiyasidir”, deyiladi telegrammada.
Kim Chen In Pxenyan va Moskva o‘rtasidagi strategik hamkorlikni “ikki mamlakat xalqlarining qudratli davlatlar qurish, global tinchlik va xavfsizlikni ishonchli himoya qilishdek ulug‘vor maqsadga erishish bo‘yicha mushtarak intilishlariga muvofiq” ravishda yanada mustahkamlashga tayyorligini bildirdi.
Shimoliy Koreya rahbari, shuningdek, Putinga sog‘lik va faoliyatida muvaffaqiyatlar, rus xalqiga esa abadiy farovonlik, taraqqiyot va g‘alaba tiladi.
Juma kuni Rossiyaning Seuldagi elchisi Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yol ham Putinni Rossiya kuni bilan tabriklagani haqida habar bergan edi, biroq xabar mazmunini oshkor qilmadi.