TOShKENT, 12-iyun — Sputnik. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziriga o‘rinbosarlar tayinlandi. Bu xaqda vazirlik matbuot xizmati xabar bermoqda.
Obidjon Qudratov vazirning birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Bunga qadar u tabiat resurslari vazirining birinchi o‘rinbosari bo‘lgan.
Jusipbek Kazbekov esa vazir o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Bunga qadar u tabiat resurslari vazirining o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.
Narzullo Oblomuradov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan tabiat resurslari vazirining o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi.
Ma’lumot o‘rnida, prezident Shavkat Mirziyoyevning “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasini transformatsiya qilish va vakolatli davlat organi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan Tabiat resurslari vazirligi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi deb qayta nomlangan edi. Keyinroq Qonunchilik palatasi deputatlari Aziz Abduhakimov nomzodini vazir lavozimiga ma’qulladi.
Eslatib o‘tamiz, 2023-yil 1-yanvardan O‘zbekistonda vazirliklar soni 25 tadan 21 taga qisqartirilgan. Xususan, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi, Gidrometrologiya xizmati hamda O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi birlashtirilib, Tabiat resurslari vazirligi tashkil etilgan edi.