TOShKENT, 10-iyun — Sputnik. Xitoy kompaniyasi O‘zbekistonga sun’iy nafas olish apparatlarini taqdim etdi, deya xabar berdi Sog‘liqni saqlash vazirligi.
Qayd etilishicha, Xitoyning “China Meheco Co Ltd” kompaniyasi tomonidan taqdim etilgan 69 dona IVL apparati hududlardagi davolash-profilaktika muassasalariga yetkazib berilmoqda.
Vazirlik mutasaddilari va kompaniya mas’ullari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ushbu uskunalarni joylarda o‘rnatish hamda mutaxassislarni o‘qitish bo‘yicha kelishib olindi.
Hamkorlik 2022-yil 25-oktabrda SSV va Xitoyning “China Meheco Co Ltd” kompaniyasi o‘rtasida 150 dona sun’iy nafas olish — IVL apparatlarini gumanitar yordam sifatida yetkazib berish bo‘yicha imzolangan shartnoma asosida olib borilmoqda.
Ma’lumot uchun, sun’iy nafas olish apparati o‘pkani havo bilan ta’minlovchi ventilyatordan iborat bo‘lib, uskuna kislorodli havoni o‘pkaga haydaydi, shuningdek, karbonat angidrid va to‘plangan suyuqlikni chiqaradi. Qurilma avtomatik ravishda bemorning nafas olish holatini hisobga oladi.