TOShKENT, 10-iyun — Sputnik. O‘zbekistonlik sportchilar Italiyada bo‘lib o‘tayotgan taekvondo WT bo‘yicha Gran-pri musobaqasida oltin va kumush medallarini qo‘lga kiritishdi, deya xabar berdi Milliy olimpiya qo‘mitasi.
Gran-pri musobaqasining birinchi kuni O‘zbekiston terma jamoasi uchun muvaffaqiyatli o‘tdi. -68 kg vazn toifasida bahs olib borgan Ulug‘bek Rashitov oltin medalni qo‘lga kiritdi.
U finalda vengriyalik Levente Jozsani 2:0 hisobida mag‘luboyatga uchratdi. Shu tariqa, 8-yillik tanaffusdan so‘ng o‘zbekistonlik taekvondochilar Gran-pri musobaqasida yana oltin medalga sazovor bo‘lmoqda.
Shuningdek, erkaklar o‘rtasida +80 kg vazn toifasida jang qilgan Nikita Rafalovich kumush medal sohibiga aylandi. U murosasiz kechgan final jangida Buyuk Britaniya vakili Kaden Kunninghemga imkoniyatni boy berib, shohsupaning ikkinchi pog‘onasiga ko‘tarildi.