Toshkentda yana bir nechta avtobus yo‘nalishida kunlik reja bekor qilindi

Poytaxtda 27, 51, 69, 94, 100, 131, 185-sonli avtobus yo‘nalishlarida xizmat ko‘rsatish yangi turdagi brutto shartnomalar asosida amalga oshirilishi boshlanadi.
Sputnik
TOShKENT, 9-iyun — Sputnik. Bugundan Toshkentdagi 7 ta avtobus yo‘nalishida xizmat ko‘rsatish yangi tizim asosida amalga oshirilishi boshlanadi. Bu haqda “Toshshahartransxizmat” xabar berdi.
Qayd etilishicha, 27, 51, 69, 94, 100, 131, 185-sonli avtobus yo‘nalishlarida xizmat ko‘rsatish yangi turdagi brutto shartnomalar asosida amalga oshirilishi boshlanadi.
Shuningdek, yo‘lovchilarga ko‘rsatilayotgan transport xizmatlari sifatini oshirish maqsadida, 27- va 185-sonli yo‘nalishlarda "Isuzu" rusumli avtobuslar o‘rniga "SAZ LE-60" rusumli avtobuslar, 61-sonli yo‘nalishda esa 5 dona "Yutong" rusumli avtobuslar harakati boshlanadi.
Eslatib o‘tamiz, fevral oyida shahar avtobus yo‘nalishlarida cheklangan tariflar bo‘yicha yo‘lovchilar tashishni brutto-shartnoma asosida tashkil etish va moliyalashtirish tizimi bosqichma-bosqich joriy etilishi ma’lum qilingan edi. 5-maydan boshlab 5, 11, 18, 19, 37, 44, 67, 77, 83, 136, 139, 142, 72 va 81-yo‘nalishlar brutto-shartnomalarga o‘tkazilgan edi.
Ma’lumot uchun, brutto-shartnoma tizimi – yo‘nalishlarda cheklangan tariflarda yo‘lovchi tashish xizmatlari uchun “bosib o‘tilgan yo‘l” va “sifat” mezonlaridan kelib chiqqan holda hisob-kitob qilishni nazarda tutuvchi vakolatli organ va tashuvchi o‘rtasida tuzilgan shartnoma.