TOShKENT, 9-iyun — Sputnik. O‘zbekiston va Rossiya bosh vazirlari Abdulla Aripov va Mixail Mishustin ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikning hozirgi holati va rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilishdi.
“Biz qardosh O‘zbekiston bilan do‘stlik, sherikchilikni juda qadrlaymiz. Hamkorlikni yanada yuqori darajaga olib chiqishdan manfaatdormiz. Bizning savdo-iqtisodiy hamkorligimiz muvaffaqiyatli rivojlanayotganini qayd etapmiz”, - dedi Mishustin. Uning so‘zlaridan RIA Novosti iqtibos keltirgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan yili Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash 25 foizdan ziyodga – 612 milliard rublgacha oshgan.
“Biroq bu kam. Va, albatta, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tovar ayirboshlashni ko‘paytirish kerak. Ishonchim komilki, buning uddasidan chiqamiz. Yanvar-aprel oylarida savdo-sotiq hajmi yana 16 foizga oshdi, hozir u 229 milliard rubldan oshgan”, - dedi Rossiya bosh vaziri.
Bundan tashqari, Mishustin Rossiya qator loyihalarni amalga oshirishga qiziqish bildirayotganini ta’kidladi va O‘zbekistonda Rossiya texnologiyalari bo‘yicha qurilishi rejalashtirilgan atom elektr stansiyasini esladi. U atomdan tinchlik yo‘lida foydalanishdagi hamkorlik kooperatsiya sanoati taraqqayotiga yangi turtki berishiga ishonch bildirdi.
Rossiya bosh vaziri Moskva agrosanoatda ham hamkorlikni kuchaytirishda salohiyat borligini ko‘rishini aytdi. “Agroekspress” loyihasi o‘zaro savdoni oshirish uchun yangi imkoniyatlar taqdim etishini qayd etdi.