TOShKENT, 9-iyun — Sputnik. O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi (MSK) 9 iyul kuni bo‘lib o‘tadigan muddatidan ilgari prezident saylovi bulleteni qanday bo‘lishini ko‘rsatdi.
Prezidentlikka nomzodlarning familiyasi, ismi va otasining ismi saylov bulleteniga lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi tartibida kiritilgan.
Saylov bulletenlari uchastka saylov komissiyalariga 25 iyungacha saylov uchastkasidagi saylovchilar umumiy sonining 5 foizi miqdorida, 6 iyulgacha esa 95,5 foizi miqdorida tegishli tillarda taqsimlagan holda yetkazib berilishi kerak.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan prezident saylovida muddatidan oldin ovoz berish jarayonlari 28-iyun-5 iyul kunlari bo‘lib o‘tadi. Tashqi ishlar vazirligining MSKga kelib tushgan taqdimnomasiga asosan 39 ta O‘zbekistonning chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida 56 ta saylov uchastkasi tuziladi.
Prezidentlikka Ekopartiyadan Abdushukur Hamzayev, Xalq-demokratik partiyasidan Ulug‘bek Inoyatov, "Adolat" sotsial-demorkatik partiyasidan Robaxon Mahmudova, O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan (O‘zLiDeP) Shavkat Mirziyoyev nomzodi ilgari surilgan. Nomzodlarning saylovoldi tashviqoti 7-iyundan boshlangan.