TOShKENT, 9-iyun — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti sayloviga doir saylov bulletenining shakli, matni va tavsifi tasdiqlandi. Bu haqda Markaziy saylov komissisining (MSK) navbatdagi majlisida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, prezidentlikka nomzodlarning familiyasi, ismi va otasining ismi saylov bulleteniga, saylov uchastkasida ovozlarni sanab chiqish natijalari hamda saylov okrugi bo‘yicha saylov natijalarini aniqlash to‘g‘risidagi bayonnomalarga lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi tartibida kiritiladi.
"Kalendar rejaga ko‘ra, 19-iyunga qadar saylov bulletenlariga bo‘lgan extiyoj aniqlanishi va chop etilishi lozim", deydi MSK kotibi Xudoyor Mamatov.
Saylov bulletenlari davlat tilida, shuningdek okrug saylov komissiyasining qaroriga binoan tegishli okrug aholisining ko‘pchiligi so‘zlashadigan tillarda nashr etiladi. Saylov bulletenlarini Brayl alifbosi asosida to‘ldirish uchun trafaretlar tayyorlanishi mumkin.
Uchastka saylov komissiyalari saylov bulletenlarini ovoz berish kuniga, shu jumladan muddatidan oldin ovoz berish kuniga kamida uch kun qolganida okrug saylov komissiyalaridan oladi. Uchastka saylov komissiyasi oladigan saylov bulletenlarining soni uchastka bo‘yicha ro‘yxatlarga kiritilgan fuqarolar soniga nisbatan yarim foizdan ortiqroq bo‘lishi mumkin emas.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan prezident saylovida muddatidan oldin ovoz berish jarayonlari 28-iyun-5 iyul kunlari bo‘lib o‘tadi. Tashqi ishlar vazirligining MSKga kelib tushgan taqdimnomasiga asosan 39 ta O‘zbekistonning chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida 56 ta saylov uchastkasi tuziladi.
Prezidentlikka Ekopartiyadan Abdushukur Hamzayev, Xalq-demokratik partiyasidan Ulug‘bek Inoyatov, "Adolat" sotsial-demorkatik partiyasidan Robaxon Mahmudova, O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan (O‘zLiDeP) Shavkat Mirziyoyev nomzodi ilgari surilgan. Nomzodlarning saylovoldi tashviqoti 7-iyundan boshlangan.