TOShKENT, 8-iyun — Sputnik. Xitoyning Urumchi shahrida Toshkent viloyatining vakolatxonasi ochiladi. Bu haqda Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev qaror imzoladi, deb xabar bermoqda viloyat hokimligi matbuot xizmati.
Ta’kidlanishicha, Xitoy tajribasini o‘rganish va hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida Toshkent viloyati hamda Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.
“Toshkent viloyatining Urumchi shahrida ochilishi ko‘zda tutilgan vakolatxonasi faoliyati muvofiqlashtiriladi”, - deyiladi xabarda.
Shu bilan birga, tomonlar o‘rtasida Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni bilan yuqori texnologiyalar, innovatsiyalar, sanoat, energetika, infratuzilmani rivojlantirish, transport, logistika, qishloq xo‘jaligi, turizm va boshqa yo‘nalishlarda amaliy hamkorlik kengaytiriladi.
Zoyir Mirzayev Urumchida Toshkent viloyatining vakolatxonasini ochish bo‘yicha tashabbusini Xitoyga bo‘lgan tashrifi doirasida ilgari surgan edi.