Ukrainaga NATO qo‘shinlari yuborilishi mumkin — alyans sobiq bosh kotibi

NATO harbiylari Ukrainadagi mojaroda bevosita ishtirok etishi mumkin, dedi alyans sobiq bosh kotibi Anders Fog Rasmussen.
Sputnik
TOShKENT, 8-iyun — Sputnik. NATO qo‘shinlari Ukrainadagi mojaroda bevosita ishtirok etishi mumkin, dedi alyans sobiq bosh kotibi Anders Fog Rasmussen "Guardian" nashri bilan suhbatda.
Avvalroq tashkilotning amaldagi rahbari Yens Stoltenberg Ukraina xavfsizligi masalasi Vilnyusdagi sammitda birinchi o‘rinda turishini, biroq to‘liq kafolatlar faqat blokning to‘laqonli a’zolariga berilishini aytgan edi.

“Agar NATOga a’zo davlatlar, jumladan, AQSh Vilnyusdagi ittifoq sammitida Kiyevga xavfsizlik kafolatlarini bermasa, bir guruh NATO davlatlari Ukrainaga qo‘shin yuborish istagini bildirishi mumkin”, - deya taklif qildi Rasmussen.

Shuningdek, agar Ukraina “Vilnyusda hech narsaga ega bo‘lmasa”, Boltiqbo‘yi davlatlari va Polsha Kiyevga yordam sifatida qo‘shin jo‘natish uchun “ko‘ngillilar ittifoqini” to‘plashi mumkin, deb qo‘shimcha qildi Rasmussen.
O‘tgan yilning sentabrida Kiyev harbiy blokka tezkor tartib bilan qo‘shilish uchun ariza bergan edi. Milliy xavfsizlik bo‘yicha AQSh prezidenti yordamchisi Jeyk Sallivan keyinroq ta’kidlaganidek, bunday tartib hozirda noo‘rindir.
Shu bilan birga, Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba Vilnyusda 11-12 iyul kunlari bo‘lib o‘tadigan blok sammitida Kiyevning ittifoqqa qo‘shilish taklifidan tashqari boshqa hech qanday qaror qanoatlantirmasligiga ishora qildi.
Kreml vakili Dmitriy Peskov ta’kidlaganidek, Moskva vaziyatni diqqat bilan kuzatib bormoqda va qo‘shni respublikaning Shimoliy Atlantika ittifoqiga qo‘shilish rejasi maxsus operatsiya boshlanishiga sabab bo‘lganini yodda tutish zarur.
Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev maxsus operatsiyani NATOning uzluksiz kengayishiga Rossiya javobi deb atagan edi va Ukrainani NATOga qabul qilish oqibatlaridan ogohlantirgan edi.